Toshkent viloyatida avariya holatidagi va ma’nan eskirgan 23 ta ko‘p kvartirali uy renovatsiya qilinadi. Bu haqdagi viloyat hokimligi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Keltirilishicha, respublika bo‘yicha ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan va ma’nan eskirgan ko‘p kvartirali uylarni instrumental o‘rganish va renovatsiya qilish to‘g‘risida 2021-yilda prezident ham qaror qabul qilgan. Toshkent viloyatidagi eskirgan yoki yaroqsiz ko‘p kvartirali uy-joy fondi xatlovdan o‘tkazilganda 23 ta uy avariya holatida deb topilgan. U yerda yashovchi fuqarolar ham yangi uy-joy qurib berishlari uchun murojaatlar qilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, Toshkent viloyati hokimligi 10 kun muddatda renovatsiya qilinishi belgilangan uy-joylar o‘rnida O‘rta Chirchiq, Bo‘stonliq tumanlarida qavatlar soni beshdan, Chirchiq, Olmaliq shaharlari, Qibray tumanida qavatlar soni yettidan kam bo‘lmagan zamonaviy uy-joy qurish uchun talabgorlarni aniqlaydi va loyihalarni elektron tender savdolariga chiqaradi. 1 oy ichida yangi uylarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqadi.

Buziladigan binolardan chiqqan yaroqli qurilish materiallari loyiha tashabbuskorlari tasarrufida qoladi. Olmaliq shahri bosh plani ishlab chiqilgani hisobga olgan holda ko‘p kvaritrali uy-joy “Yangi O‘zbekiston” massividan bosh planga muvofiq quriladi.

Uyi buziladigan fuqarolarga yangi ko‘p kvartirali uylardan “foydalanishga tayyor holda topshirish” sharti asosida buzilgan xonadon maydoniga teng yoki undan kam bo‘lmagan kvadrat metrdagi xonadon ajratiladi. Ungacha mulkdorlar 11 oy o‘sha tumandagi boshqa hududlarda ijarada yashab turadi.

Bu tuman/shahar hokimiyatining mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari yoki tashabbuskor tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

Agar ularning quriladigan yangi uyi o‘z vaqtida bitmasa, ijara loyiha tashabbuskori mablag‘i hisobidan qoplanadi.

Mulkdorlarga o‘ringa-o‘rin ajratishdan ortgan kvartiralar realizatsiya qilinadi, bunda ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya xabarnomasini olgan fuqarolarga ustuvorlik beriladi.

renovatsiya, тошкент viloyati, турар-joy, qaror loyihasi

renovatsiya, тошкент viloyati, турар-joy, qaror loyihasi

Mazkur qaror loyihasiga 20-aprelga qadar regulation.gov.uz portalida taklif qoldirish mumkin.