O‘zbekistonda gidrometeorologik ma’lumotlarni yig‘ish uchun avtomatlashtirilgan meteorologiya stansiyalari ko‘paytiriladi. Bu haqda 6-aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yig‘ilishda yangi tashkil etilgan Tabiat resurslari vazirligi tomonidan o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda har bir tuman va shaharlarda atmosfera havosi ifloslanishini monitoring qilish uchun avtomatlashgan kichik stansiyalar o‘rnatilishi qayd etildi. Shunga asosan, hududlarning havo tozaligi reytingi shakllantirilib, mansabdor shaxslar ishiga baho berib boriladi.

Bundan tashqari, gidrometeorologiya yo‘nalishida avtomatlashgan meteorologik stansiyalarni ko‘paytirish, gidrologik o‘lchov uskunalarini avtomatlashtirish, agrometeorologik xizmat bo‘yicha mobil ilovani ishga tushirish choralari belgilandi.

Prezident suv, havo, yer va yerosti boyliklarini muhofaza qilish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

Xususan, 500 ziyod korxonada suv tozalash inshooti standartga javob bermaydi, ba’zilarida umuman yo‘qligi ta’kidlandi.

“Kompensatsiya miqdori kamligi sababli, bunday texnologiya o‘rnatishdan ko‘ra, kompensatsiya to‘lash foydali bo‘lib qolgan. Shu bois me’yordan ortiqcha oqova uchun kompensatsiya to‘lovini oshirish taklifi bildirildi. Davlatimiz rahbari ekologik nazorat inspeksiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi”, — deyiladi xabarda.

Jumladan, O‘zbekistonda yiliga 7 mln tonna maishiy chiqindi hosil bo‘layapti. Shundan faqat 2 mln tonnadan ziyodi qayta ishlanadi. Qolgan chiqindilardan paydo bo‘layotgan issiqxona gazi va sizot suvlar tabiatga zarar yetkazayapti.

Ohangarondagi eski poligonda chiqindidan 15 Megavatt elektr energiyasi olish loyihasi boshlangan. Davlat rahbari bu tajribani kengaytirib, boshqa poligonlarda ham chiqindini qayta ishlash va muqobil energiya olishni yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

O‘rmon xo‘jaligida daraxt bilan qoplangan hududlar atigi 8 foiz ekani ham yetarli emasligi aytib o‘tildi. Ko‘chatchilikni rivojlantirib, cho‘llarda 221 ming gektar, tog‘ hududida 15 ming gektar o‘rmonlar barpo qilishga imkoniyat borligi qayd etildi.

Bunda, o‘rmonchilik sohasini rivojlantirish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda tubdan yangi tizimni joriy etishga ko‘rsatma berildi. Jumladan, bog‘ va o‘rmonlarni barpo etish markaziy moliyalashtiriladigan manzilli dastur asosida amalga oshirilishi qat’iy belgilandi.