Toshkentdagi Yunusobod tez tibbiy yordam podstansiyasi feldsheri, bu yerda yetti yildan buyon ishlab kelayotgan va ushbu hududda ko‘pchilikka tanish bo‘lgan Zlata Gafurova o‘zining Facebook sahifasida bemorning qarindoshi tomonidan tahdidlar bo‘lganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, onasi uchun tez yordam chaqirgan erkak faqat ayol tibbiyot xodimlari kelishini talab qilgan.

Zlata Gafurovaning bloger Islam Kaparzoga bildirishicha, podstansiyada undan dispecher o‘rnini egallab turishni so‘rashgan. Navbatchilik vaqtida bo‘lgan qo‘ng‘iroqda erkak kishi onasining yuragi og‘irlashib qolgani, biroq unga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun ayol shifokorlar jo‘natilishini talab qilgan. Zlata tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ichki qoidalarda chaqiruvchining talabi bo‘yicha shifokor jo‘natish qismi yo‘qligini ma’lum qilgan.

O‘sha vaqtda bo‘sh ayol shifokorlar brigadasi ham bo‘lmagan. Gafurova bu haqda qo‘ng‘iroq qilgan shaxsni ogohlantirib, yo kutish kerakligini yoki eng yaqin brigada kelishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘ng‘iroq qilgan kishi bunga rozi bo‘lib: “Nima ham qilardik, kim bo‘lsa ham kelsin”, — degan.

Biroq voqea joyiga erkak shifokorlar brigadasi yetib kelganida, qo‘ng‘iroq qilgan shaxs ularni uyga kiritmay, elektrokardiografiya apparatini olib qolmoqchi bo‘lgan. Ularning yonida, feldsherning so‘zlariga ko‘ra, unga ham qo‘ng‘iroq qilib, odobsiz so‘zlar bilan haqorat qila boshlagan va: “Yorib tashlayman, borib, seni topaman”, — deya qo‘rqitgan.

Keyinchalik, bemorga ayol shifokor bo‘lgan boshqa bir guruh keladi. Shifokorlar hayot uchun xavfli holatni aniqlamaydi va kasalxonaga yotqizish shart emas degan xulosa beradi. Zlata Gafurova birinchi tez yordam mashinasi 17 daqiqada yetib borgani, ikkinchisi uchun esa bir soatdan ko‘proq vaqt ketganini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Zlata Gafurovaning so‘zlariga ko‘ra, tungi soat birlarda ichki ishlar organlari xodimlari podstansiyaga qo‘ng‘iroq qilgan va ular ustidan shikoyat kelib tushganini, ya’ni dispetcher “noto‘g‘ri tez yordam brigadasini” yuborganini aytishgan. Undan GOMga (shahar IIB bo‘limi) kelishni so‘rashdi. Qiz tahdid va haqoratlar haqida qarshi ariza yozgan.

Oradan bir necha kun o‘tib Zlata Gafurovaning oldiga kvartal uchastka noziri qo‘ng‘iroq qiladi. U nima bo‘lganini aytib berishni so‘raydi va so‘ngra unga qarshi arizani qaytarib olishni maslahat beradi, aks holda feldsher 12 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilishini aytadi. Qaysi xatti-harakatlari uchun jarima to‘lashi kerakligi so‘ralganda, tuman IIB xodimi javob bermaydi.

Ko‘p o‘tmay uchastka nozirining oldiga tez yordam chaqirgan erkak ham yetib keladi. Feldsherning so‘zlariga ko‘ra, u o‘sha yerda ham: “Hamma joyda tanish-bilishlarim bor — butun umrga ishingdan uchib ketasan”, — deya tahdid qiladi.