22-aprel — Yer kunida O‘zbekiston Ekstremal va tog‘ turizmi federatsiyasi hamda BMT Taraqqiyot dasturining Global ekologiya fondi Kichik grantlar dasturi O‘zbekistonda ommaviy yugurish musobaqasini tashkil etadi.

Poyga tashkilotchilarining asosiy maqsadi avtomobildan kamroq foydalanish, piyoda, shuningdek, jamoat transportida ko‘proq harakatlanishni targ‘ib etishdan iborat.

“Imkoni bo‘lsa, do‘kon, bozor yoki ishga piyoda boring, yuguring. 2−3−4 km — bu kabi masofalardan qo‘rqmaslik kerak. Bu rostakamiga kichik masofa. Agar shunday qilishni boshlasangiz, sog‘lig‘ingiz qanday yaxshilanib borayotganini sezasiz. Biz kundalik hayotda juda ko‘p va tez-tez mashinalarga murojaat etamiz, kamroq harakat qilamiz, kamroq yuramiz, kamroq yuguramiz. Ammo yugurish, yurish juda foydali va qiziqarli”, — dedi Global ekologiya fondi Kichik grantlar dasturining milliy muvofiqlashtiruvchisi Aleksey Volkov “Gazeta.uz”ga.

Tadbir Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi Balgali qishlog‘ida bo‘lib o‘tadi. Poyga boshlanishi tepalikda, yo‘ldan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda bo‘ladi.

Yer kuni, poyga, yugurish мусобақаси

Poygada ikki xil masofa bo‘yicha (7 va 21 km) 10 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan har bir kishi ishtirok etishi mumkin. 2022-yilda kamida bitta 21 kilometrlik masofani bosib o‘tganlargina 21 km masofaga yugurishda qatnasha oladi. Tashkilotchilar ishtirokchiga maksimal masofagacha yugurishiga yo‘l qo‘ymaslik huquqini o‘zida saqlab qoladi. 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar faqat 7 km masofaga yugurishda qatnashishlari mumkin (agar yo‘l davomida ularga mas’ul kattalar bilan birga bo‘lsa).

Barcha ishtirokchilar poygada qatnashish uchun to‘lovni amalga oshirishi kerak, ulardan yig‘ilgan pullar xayriya jamg‘armalariga o‘tkaziladi. Bu yil mablag‘lar hayvonlar uchun oziq-ovqat va ularni davolash xarajatlariga sarf etiladi.

Poygada ro‘yxatdan o‘tgan va kirish to‘lovini to‘lagan dastlabki 99 kishi ishtirok etishi mumkin. Ishtirokchilar bu yerda ro‘yxatdan o‘tadi.

Ishtirokchilarning to‘planishi soat 14:00 da, poyga esa 16:00 da boshlanadi.

Tashkilotchilar musobaqadan olingan surat va videolarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish uchun #EARTHRUN2023 maxsus tegini tanladi.

Yer kuni 1970-yildan beri BMT tomonidan 22-aprelda o‘tkazib kelinayotgan bir qator xalqaro tadbirlar bo‘lib, odamlarni sayyoraning himoyasiz muhitidan xabardor bo‘lishga undaydi.