O‘zbekistonda 1-maydan boshlab qurilish boshlanishidan oldin tanlangan yer uchastkalarida muhandislik-geologik ekspertiza o‘tkazish majburiy bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-aprel kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda so‘z bordi.

Qaror so‘nggi oylarda dunyoda va Markaziy Osiyo mintaqasida seysmik faollik kuzatilayotgani sababli qabul qilindi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Bundan tashqari, ko‘prik, tonnel, ko‘p qavatli binolar kabi seysmik xavfsizlik talablari yuqori bo‘lgan bino-inshootlarni qurish faqat Qurilish-pudrat tashkilotlari elektron reytingida “A” va “B” toifaga ega bo‘lgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.

Yig‘ilish davomida temir-beton ishlab chiqaruvchi 3 mingga yaqin korxonaning yarmida laboratoriya yo‘qligi aytildi. Prezident uylar sifatiga ta’sir etuvchi asosiy omil aynan beton ekanligini ta’kidlab, ushbu korxonalarning barchasida zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish vazifasini qo‘ydi.

Ta’kidlanishicha, 2022-yili uy-joy qurilishida temir-beton, devor konstruksiyalari va payvandlash ishlari sifatsizligi bo‘yicha 1 mingdan ortiq holat aniqlangan.

Davlat rahbari drenaj tizimidagi muammolarga ham to‘xtalib, yog‘ingarchilik tizimning yomon ahvolga kelib qolganini yaqqol ko‘rsatayotgani ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev Qurilish vazirligi va Toshkent shahri hokimligiga ikki hafta muddatda ushbu masalaning yechimi bo‘yicha dastur qabul qilish va amalga oshirishni topshirdi.