Markaziy bank matbuot xizmati shubhali operatsiyalar ro‘yxatining kengaytirilishi, xususan, ular orasidagi 30 kun ichida mobil ilova orqali kartadan boshqa karta yoki elektron hamyonga BHMning 500 baravari (150 mln so‘m) va undan ortiq miqdorda pul o‘tkazish ham borligi yuzasidan izoh berdi.

Regulyatorning qayd etishicha, o‘zgartirishlar kartadan kartaga pul o‘tkazuvchi jismoniy shaxslar o‘rtasidagi noqonuniy operatsiyalarni (p2p to‘lovlari) aniqlashga qaratilgan. Bunday operatsiyalarga noqonuniy qimor o‘yinlari (lotereyalar, bukmekerlik), firibgarlik holatlari va boshqalar kiradi.

Ta’kidlanishicha, bugungi kunda bunday noqonuniy operatsiyalar quyidagi yo‘llar bilan amalga oshirilmoqda:

  • bir jismoniy shaxs tomonidan turli banklarda ochilgan bir nechta bank kartalari yordamida yirik miqdordagi pul mablag‘larini bo‘lib-bo‘lib o‘tkazish orqali;
  • pul mablag‘larini konversiya qilish yoki naqdlashtirish maqsadida turli banklarda ochilgan bir nechta bank kartalaridan mablag‘larni bitta kartaga o‘tkazish;
  • bitta jismoniy shaxs kartasidan boshqa jismoniy shaxslarning bank kartalariga yoki elektron hamyonlariga ma’lum vaqt ichida ko‘p miqdorda pul mablag‘larini o‘tkazilishi va aksincha, bitta jismoniy shaxs kartasiga boshqa shaxslarning bank kartalaridan yoki elektron hamyonlaridan pul mablag‘larini kelib tushishi orqali amalga oshirilayotganligi kuzatilmoqda.

Amaldagi qonunchilik hujjatlariga yangi kiritilgan o‘zgartirishlarda yuqorida ta’kidlangan operatsiyalarni aniqlash uchun operatsiyalarni amalga oshirilishi davriyligi va miqdoriga tegishli mezonlar kiritilgan.

“Ushbu yangi qoidalar jismoniy shaxslarning omonatlarini elektron hamyonlariga yoki bank kartalariga qaytarilishi, shuningdek, tovar va xizmatlar uchun to‘lovlar, xususan, ipoteka krediti yoki avtokredit bo‘yicha boshlang‘ich badal to‘lovi bilan bog‘liq operatsiyalarga tatbiq etilmaydi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.

Ya’ni shubhali operatsiyalarni aniqlashda omonat va kredit hisobvaraqlari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hisobga olinmaydi va maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etilmaydi.

“Bugungi kunda tijorat banklari tomonidan o‘z tavakkalchiliklaridan kelib chiqqan holda, mobil ilovalarda bir jismoniy shaxs tomonidan biriktiriladigan bank kartalari soniga yoki operatsiyalar summasiga nisbatan chegaraviy monitoring mezonlari joriy qilingan”, — deyiladi xabarda.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti soha bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organi bo‘lib, barcha tashkilotlardan yuborilayotgan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulk bilan bog‘liq shubhali operatsiyalar to‘g‘risidagi xabarlarni saralash, qayta ishlash hamda tahlil qilish orqali jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish holatlarini aniqlaydi.

Avvalroq moliyachi Otabek Bakirov o‘zgartishlarni qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgandi, shunda yangi qoidalar mijozning shaxsiy kartalari va turli banklardagi elektron hamyonlari o‘rtasida pul o‘tkazmalariga taalluqli bo‘lmasligi, buning natijasida mijozlar noroziligiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligi haqida yozgandi.

Payshanba kungi yangi izohida u e’lon qilingan aniqlashtiruvchi bandlarni qoidalarga kiritilishini kutib, “bayonotlar emas, qoidalar ishlashi kerak”ligini ta’kidladi.