Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida da’vogar Anorbank AJ va javobgar Komil unsur MCHJ (“Sof.uz” internet nashri) o‘rtasida ko‘rilayotgan iqtisodiy nizo yakuniga yetdi.

Anorbankning ma’lum qilishicha, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida — “Sof.uz” veb-sayti tomonidan Anorbank AJning ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilganligi natijasida bankka yetkazilgan zararni veb-sayt muassisi Komil unsur MCHJ hisobidan undirish to‘g‘risidagi da’vo bilan bog‘liq iqtisodiy ish bo‘yicha sud majlisi yakunlangan.

Ta’kidlanishicha, sud qarori bo‘yicha Komil unsur MCHJ hisobidan Anorbank AJ foydasiga infohujum oqibatida bank tomonidan amalga oshirilgan 3,7 mlrd so‘m miqdorida haqiqiy zarar summasini undirish to‘g‘risida hal qiluv qarori qabul qilingan.

“Biz har qanday jurnalistik tekshiruvlar xolisona, bank sohasi mutaxassislari va ekspertlarining tegishli fikr-mulohazalari va xulosalarini inobatga olgan holda olib borilishi lozimligi haqidagi pozitsiyamizni alohida ta’kidlaymiz. „Sof.uz“ veb-sayti tomonidan bank haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, tekshirilmagan, bankning fikri olinmagan soxta axborotlar tarqatilishi oqibatida ushbu nizo yuzaga kelgan edi”, — deyiladi bank axborotida.

Bank OAVlar, jurnalistlar hamjamiyati va blogerlar bilan professional, o‘zaro manfaatli va ochiq munosabatlarga sodiqligini tasdiqlab, ular bilan doimo mustahkam hamkorlik aloqalarini saqlashga harakat qilishini qayd etgan.

“Anorbank o‘zining biznes imijiga, aksiyadorlar, xodimlar obro‘siga va jamoatchilik fikriga nihoyatda ehtiyotkorlik bilan qaraydi. Bank bundan keyin ham respublikamiz axborot makonida o‘z brendini qo‘llab-quvvatlash va turli axborot xurujlaridan himoyalanishga e’tiborini qaratadi”, — deyiladi bank munosabatida.

Eslatib o‘tamiz, da’vogar Anorbank AJ javobgar Komil unsur MCHJdan tegishli veb-sayt va Telegram-kanalida bankning ishchanlik obro‘siga putur yetkazadigan ma’lumotlarga bankning raddiyasini chiqarish, YouTube-kanalida raddiyani efirga berish majburiyatini yuklash xamda 10 mlrd so‘m ololmay qolingan daromad hamda ishchanlik obro‘siga putur yetkazilgani uchun 5 mlrd so‘m ma’naviy zarar undirishni so‘ragan edi. Sud jarayoni 2022-yilning noyabrida boshlangandi.