O‘zbekiston Bosh prokuraturasi 4-aprel kuni kechqurun Sankt-Peterburgdagi kafelardan birida “harbiy ofitser” Maksim Fomin (Vladlen Tatarskiy) halok bo‘lgan portlashga aloqadorlikda gumon qilinayotgan Darya Trepovaning turmush o‘rtog‘i Dmitriy Rilovni hibsga olish to‘g‘risida Rossiya tomonidan so‘rov kelib tushmaganini ma’lum qildi.

“Alohida ta’kidlab o‘tish joizki, Dmitriy Rilov O‘zbekiston Respublikasi davlat chegarasini kesib o‘tmagan va shu sababli mamlakatimizda bo‘lishi mumkin emas”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

2-aprel kuni Vladlen Tatarskiy o‘z muxlislari uchun Sankt-Peterburgdagi kafeda “ijodiy kecha” o‘tkazgan paytda portlash sodir bo‘ldi. Unda Vladlen Tatarskiyning o‘zi halok bo‘ldi, 40 kishi yaralandi, deb xabar berdi RIA Novosti.

Daria Trepova portlash sodir etganlikda gumon qilinib, hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ayol Tatarskiyga ichida portlovchi moslama bo‘lgan haykalcha sovg‘a qilgan. Rossiya OAVlari Trepova hibsga olingan paytda O‘zbekistonga uchish chiptalari bo‘lganini xabar qilgan. “Mojem ob’yasnit” loyihasi uning eri hozir Gruziyada ekanligini yozdi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi holat yuzasidan terrorchilik harakati bo‘yicha ish olib bormoqda. 4-aprel kuni sud Darya Trepovani hibsga olishga qaror qildi.

Rossiya Terrorizmga qarshi milliy qo‘mitasi “Vladlen Tatarskiyga qarshi hujum Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan Navalniy nomidagi Korrupsiyaga qarshi kurash jamg‘armasi bilan hamkorlik qiluvchi shaxslardan bo‘lgan agentlarni jalb qilgan holda rejalanganini, hibsga olingan Trepova ham ularni faol qo‘llab-quvvatlashini” ta’kidladi.