O‘zbekistonning ikki viloyatida daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari aniqlandi, deb xabar bermoqda Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, Qarshi shahridagi “Tabassum” mahallasida noma’lum shaxslar 30 tup manzarali daraxt — mojevennik, majnuntol, tut, qayrag‘och, eldor qarag‘ayini kesib tashlangan.

Foto: Qashqadaryo viloyati boshqarmasi

Mazkur holat bo‘yicha o‘simlik dunyosiga 151 million 650 ming so‘m zarar yetkazilgan. Rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar huquqiy baho berish uchun Qashqadaryo viloyat prokuraturasiga taqdim qilingan.

29-mart kuni Telegram`dagi Ekologuz kanalida Toshkent viloyati Sakson ota o‘rmon xo‘jaligi Chotqol o‘rmon bo‘limiga qarashli 4 gektar maydonga ekilgan xandon pista ko‘chatlari kesib tashlangani ma’lum qilingan. Kanal xandon pista ming yillik mevali daraxtligi va sekin o‘sishini, suratdagi daraxtlar esa kichik ko‘ringani bilan kamida 6 yoshligi haqida yozgan.

Foto: t.me/ekologuz

1-aprel kuni Tabiat resurslari vazirligining Toshkent viloyati boshqarmasi vaziyatni o‘rganib, Chirchiq shahrida yashovchi S.A. 48 tup turli o‘lchamdagi xandon pista daraxtini o‘tin qilish maqsadida kesib tashlaganini aniqladi.

Holat yuzasidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi (Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish) 1-qismiga asosan jarima hamda tabiatga keltirilgan zarar hisob-kitob qilingan. Undirish ishlari amalga oshirilmoqda.