Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an rafiqasi bilan mamlakatda ishlab chiqarilgan Togg T10X milliy elektromobilining birinchi egasi bo‘ldi, deya xabar bermoqda TRT Heber nashri.

Anqaradagi prezident majmuida o‘tkazilgan tantanali marosimda Erdog‘an Togg elektromobili mamlakatning texnologik va iqtisodiy taraqqiyoti hamda jahon miqyosidagi obro‘-e’tiborining ramzi sifatida yaratilganini ta’kidladi. “Bugundan boshlab biz Togg`ni yo‘llarda ko‘ramiz”, — dedi prezident.

Keyinroq u rafiqasi Emine Erdog‘an hamda sanoat va texnologiya vaziri Mustafo Varank bilan anadolu (qizil) rangli mashinaga minib, majmuani aylanib chiqdi. So‘ngra jurnalistlar bilan muloqot o‘tkazdi.

Muloqot davomida Turkiya rahbari mashina Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga ham yetkazib berilishini va uning rangi qizil ekanini aytdi. Shuningdek, avtomobil O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham borishini, uchrashuv kutilayotganini qo‘shimcha qildi.

Ma’lumot o‘rnida, 160 kilovattli, bir quvvatlanishda 314 kilometr masofani bosib o‘toladigan Togg elektrokarining eng arzon modeli 953 ming lira (50 ming dollardan ortiq), kuchliroqlari 1,215 million turk lirasi (63 ming dollar)ga baholanmoqda. Birinchi yetkazib berish iyul oyiga rejalashtirilgan. Hozirgacha unga 177 mingta oldindan buyurtma olingan.