Toshkentning Sergeli tumanida ayol 3 nafar farzandi bilan o‘zini to‘qqizinchi qavatdan tashlab yuborgani xabar qilingandi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

3-aprel kuni soat 19:20 da 1996-yilda tug‘ilgan A.D. 5 va 4 yoshli farzandlarini (bir qiz, bir o‘g‘il) pastga tashlab yuborgan. So‘ng qo‘liga bir yoshli farzandini (qiz) olib, o‘zi ham pastga sakragan. Oqibatda ularning barchasi olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) va 103-moddasi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, marhuma ayol Toshkent viloyati Zangiota tumanida turmush o‘rtog‘i bilan istiqomat qilgan xonadonda 2022-yilning oktabr oyida yong‘in sodir bo‘lgani sababli 3 nafar farzandlari bilan birga onasining Sergeli tumani 8-mavzedagi uyiga kelib, ular bilan birga yashab kelgan. Ушбу holatlar uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shuningdek, marhumaning turmush o‘rtog‘i hozirda Umra ziyorati maqsadida Saudiya Arabistonda ekanligi aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, tergov guruhi tomonidan ushbu fojeaning barcha ehtimoliy sabablarini sinchikovlik bilan tekshirish maqsadida qator tergov taxminlari ishlab chiqilgan. Xususan, oilaviy kelishmovchilik, marhumada kuzatilgan ruhiy o‘zgarishlarga olib kelgan sabablar, o‘z-o‘zini o‘ldirish darajasiga keltirish va boshqa taxminlarning barchasi dastlabki tergov jarayonida batafsil tekshiriladi.