Furqat Sidiqov O‘zbekistonning AQShdagi elchisi lavozimida ish boshladi. Bu haqda u o‘zining Twitter`dagi sahifasida ma’lum qildi.

4-aprel kuni u mamlakat protokol rahbari Rufus Gifford bilan uchrashib, unga ishonch yorliqlarini topshirdi.

3-mart kuni Oliy Majlis Senati O‘zbekistonning AQShdagi elchisi lavozimiga 2022-yil noyabridan buyon tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Furqat Sidiqov nomzodini ma’qullagandi.

2017-yildan buyon O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonasiga (bir vaqtning o‘zida Kanada va Braziliyadagi elchi lavozimida ham ishlagan) Javlon Vahobov rahbarlik qilib kelgandi. U yaqinda Toshkentga qaytgan.

Furqat Sidiqov 1971-yil 7-fevralda Toshkentda tug‘ilgan. 1993-yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. UzDaewoo Electronics QKda bosh mutaxassis (1993−1995), prezident huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar institutida xodim, katta ilmiy xodim, yetakchi ilmiy xodim (1995−2002, 2007−2011) lavozimlarida ishlagan.

Shuningdek, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida attashe (2002−2007), ushbu elchixonaning birinchi kotibi (2011−2015), O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi (2015−2020) lavozimlarida ishlagan.