3-aprel kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida 3 yoshli bolaning jasadi uyi yonidagi ariq bo‘yidan topildi.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabariga ko‘ra, 2020-yilda tug‘ilgan bolakay ariqqa ehtiyotsizlik sabab tushib ketib, oqib ketgan. Keyinchalik uni mahalliy fuqarolar ko‘rib, qutqarib olgan. Biroq tibbiy yordam berilganiga qaramay, u vafot etgan.

Marhumning o‘limi sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda bolaning oqib ketishiga kuchli yog‘ingarchilik sabab bo‘lgani haqida tarqalgan xabarlarni rad etdi. Voqea sodir bo‘lgan kuni yog‘ingarchilik darajasi 20−30 mm ni tashkil qilgan, dedi boshqarma vakili.

Qayd etilishicha, suv darajasi past bo‘lsa-da, bu miqdor bolani oqizib ketishga yetarli bo‘lgan.