Finlyandiya Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkilotiga 4-aprel — ittifoq tashkil etilgan kunda a’zo bo‘ldi. Finlyandiya tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto Bryusselda tegishli hujjatni imzoladi, deya xabar berdi mamlakat TIV.

Finlyandiyaning NATOga a’zo bo‘lish jarayoni tashkilot tarixidagi eng tezkor jarayonga aylandi, deb yozadi Euronews. Undan oldin o‘ttiz yillik harbiy betaraflik hukm surgan.

Bryussel shtab-kvartirasi hovlisida bo‘lib o‘tadigan tantanali marosimda a’zolik hujjatlari tashkilot ta’sis shartnomasining saqlovchisi bo‘lgan AQSh Davlat kotibiga topshiriladi, so‘ngra u yerda Finlyandiya bayrog‘i ko‘tariladi.

4-apreldan e’tiboran mamlakat jamoaviy mudofaa majburiyatlari doirasida alyans nizomining 5-moddasiga bo‘ysunadi, unga ko‘ra, bir a’zoga qilingan hujum “hammaga qilingan hujum deb hisoblanadi”.

“Rossiya bilan 1300 km chegaradosh bo‘lgan Finlyandiya xuddi qo‘shni Shvetsiya singari 10 oy oldin — Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan ko‘p o‘tmay NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan”, — deya ta’kidlaydi Euronews.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu jarayon yuzasidan bayonot berdi. “Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi”, — deyiladi unda.

TIV Rossiya “Finlyandiyaning NATOga kirishidan kelib chiqadigan milliy xavfsizlikka tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘lishini” ta’kidladi.