O‘zbekistonda sil, gepatit B va qandli diabet bilan kasallanish ko‘rsatkichi kamaygan. Bu Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) tahlilida qayd etildi.
Qayd etilishicha, 2017−2021-yillarda davlat budjetidan sog‘liqni saqlash tizimi uchun ajratilayotgan xarajatlar qariyb 3 barobar oshgan. 2017-yilda xususiy tibbiyot muassasalari soni 4000 ta edi, bugun esa ularning soni 7320 taga yetgan.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda aholi o‘rtasida:
- sil kasalligi bilan kasallanish (har 100 000 kishiga) 2017-yildagi 44,9 nafardan 2022-yilda 35,9 nafargacha;
- gepatit B bilan kasallanish (har 100 000 kishiga) 2017-yildagi 0,8 nafardan 2021-yilda 0,3 nafargacha;
- 2-toifa qandli diabet bilan kasallanish (har 100 000 kishiga) 2017-yildagi 21,4 nafardan 2021-yilda 18,3 nafargacha kamaygan.
PMTI tahlilida qayd etilishicha, quyidagi ko‘rsatkichlar ham yaxshilangan:
- onalar o‘limi koeffitsiyenti (har 100 000 tirik tug‘ilgan chaqaloqqa) 2017-yildagi 21 nafardan 2021-yilda 14,4 nafargacha kamaydi;
- 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi koeffitsiyenti 2017-yildagi 15,4 nafardan 2021-yilda 12,3 nafargacha kamaydi;
- aholi o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish tufayli hayotdan ko‘z yumish ko‘rsatkichi (har 100 000 kishiga) 2017-yildagi 7,5 nafardan 2021-yilda 6,4 nafargacha kamaydi.
Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.
Shuningdek, 2017-yilda O‘zbekistonga davolanish maqsadida kelgan sayyohlar soni 28 ming 705 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 69 ming 984 nafarni tashkil etgan.