O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 4-apreldagi qarori bilan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzurida ikkita ilmiy ta’lim muassasalari tashkil etildi.

Hujjatga ko‘ra, Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti negizida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, shuningdek, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi negizida esa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tashkil etildi.

Ilmiy-ta’lim muassasalari iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bilan bog‘liq qarorlar ijrosini samarali amalga oshirishda ilmiy yondashuvlar va boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida tashkil etilgani qayd etildi.

Institut tarkibida hududlarda yer resurslaridan unumli foydalanish va ularni optimal taqsimlash orqali bandlikni ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish yuzasidan muammolarni o‘rganish va amaliy takliflar tayyorlashga yo‘naltirilgan yuridik shaxs bo‘lmagan “Yer islohotlari markazi” tashkil etiladi.

Oliy maktab tuzilmasida esa yuridik shaxs bo‘lmagan “Yashil iqtisodiyotni ilgari surish va joriy etish” loyiha ofisi hamda Biznes inkubator va startap loyihalar bilan ishlash markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.