Toshkentda bir guruh yoshlar “Ayol buyum emas” nomi ostida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha ijtimoiy loyihani boshlab yuborishdi. Ular asosan ayollarni qo‘llab-quvvatlovchi va zo‘ravonlikka chek qo‘yishga chorlovchi plakatlarni ko‘tarib, uni ijtimoiy tarmoqlarga joylamoqda.

Loyiha ishtirokchilarining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, ushbu harakatga Xorazm viloyati Urganch shahridagi 1-sonli oilaviy mehribonlik uyining uch nafar tarbiyalanuvchisi bir qancha mansabdorlar tomonidan muntazam ravishda zo‘rlanib kelingani haqidagi xabarlar sabab bo‘lgan.

Marjona Xidirova

— Biz zo‘ravonlikka qarshi kurashishni, xavfsiz jamiyatni xohlaymiz. Bitta odamning shunchaki nafsini qondirishi uchun bitta taqdirni barbod qilishini hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi. Bu holat o‘taketgan jirkanchlik.

Mushtariy Oqboyeva

— Xorazmdagi bolalar uyi voqeasi oshkor bo‘lgach, bu hamma tarmoqlarda juda keng muhokama qilindi. Voyaga yetmagan qizlarning ahvoliga deyarli hamma achindi. Ammo, bu ham vaqtinchalik aktivlik, yaqin orada boshqa mavzu o‘rtaga chiqqach, bu yana esdan chiqadi. Shundan so‘ng xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikdan “jahli chiqayotgan”larni to‘pladik va “nimadir qilish” uchun harakatni boshladik. Harakatsizlikdan ko‘ra, harna-da.

Aslida ishni o‘sha xorazmlik qizlar bilan jinsiy aloqa qilgan adliya va FVB xodimining rasmi va qilmishini butun shahar bo‘ylab devorlarga yopishtirib chiqishdan boshlamoqchi edik. Ammo ulardan birining rasmini hech qayerdan topa olmadik. Qolaversa, bu ish ularning farzandlariga yomon ta’sir qilishi mumkinligini o‘ylab, bu qarorimizni o‘zgartirdik.

Dilshoda Shomirzayeva

— Oldin ham bunday voqea bo‘lmaganmidi? Yo‘q, albatta, ko‘p kuzatilgan, bu haqda xabarlar ham berganmiz, o‘rganganmiz.

Gap yana bir zo‘ravonlikning sodir etilganida, mansabdor shaxsning bu jirkanch ishga qo‘l urganida emas, balki ularning qo‘rqmay, takroriy ravishda qizlarning nomusiga tekkanida, boshqa tashkilotlar bunga ko‘z yumganida, ishni yopdi-yopdi qilmoqchi bo‘lganida. Eng so‘nggida adolat va shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifasi hisoblangan sudyaning adolatsiz hukmida… Gap mana shularda.

Tizimda tizimli muammolar juda ko‘p, ular xalq, odamlar uchun ishlamagan, ishlamayapti va ishlashidan umidvor bo‘lmayapmiz. Biz shundan qo‘rqib boryapmiz, dahshatga tushyapmiz.

Biz O‘zbekistondagi boshqa qizlar va ayollarning zo‘ravonlikka uchrashini istamaymiz, davlat ularni himoya qilolmas ekan, bizga o‘xshagan guruhlar shu ishni qilishi kerak. Davlat o‘z vazifasini eplolmas ekan, odil hukm o‘qiy olmas ekan, faollarning o‘zi harakatga tushishi lozim. Shuning uchun biz shu guruhni ochdik, plakat ko‘tardik.

Kelgusida loyihani rivojlantirish, xorazmlik qizlarga o‘xshash holatga tushgan yoki arafasida bo‘lganlarga yordam berishni niyat qildik. Biz yoshmiz, tajribamiz ham yo‘qdir, lekin biz ezgulik va adolat yo‘lidamiz.

Sarvinoz Tolibayeva

— Yaqinda men bilan xunuk holat sodir bo‘ldi. Yo‘lda bir bola rus tilida “O‘pishasanmi?” deb baqirib o‘tib ketdi. Bir og‘iz gapirolmadim, eshitmagandek orqamga qaramay ketdim. Zo‘ravonlik faqat jismga emas, ruhiyatga ham qilinadi. Va jamiyatda ruhan zo‘ravonlikka uchrayotgan millonlab qizlar bor. Avtobus, metroda bunaqa holatlar ko‘p sodir bo‘ladi. Hech biri ovozini chiqarib bu haqda gapiravermaydi…

Qizlar yigitlar bilan teng, bunga shubham yo‘q. U ojiza emas. U qaram bo‘lishi kerak emas. Moliyaviy erkin bo‘lishlari kerak. Bu loyihadan maqsadim, qizlarning orzularini kengaytirish, unga yetkazilgan zo‘ravonlikni har qanday ko‘rinishi haqida bor ovozi bilan gapira olishini xohlayman.

Guloro Yusupova

— Loyihamiz maqsadi ayol va qizlarda zo‘ravonlikka qarshi reaksiya shakllanishida yordam berishdan iborat. Keyingi rejalarimizdan bu borada bir qancha mutaxassislar (psixolog, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha faollar, shifokor, huquqshunos) bilan suhbat qilish, ayollar o‘z-o‘zini zo‘ravonlikning turli usullaridan maksimal darajada himoyalanishiga xizmat qiluvchi kontentlar yaratish o‘rin olgan.

Malika Norboyeva

— Haqdan qo‘rqmay ayollar va qizlarni zo‘rlaydigan kimsalarni qonun jazolasin. Inson qadr-qimmati uchun yozilgan shuncha qonun kimga xizmat qilmoqda o‘zi? Biz bunday shaxslarni ozodlikda yurishini xohlamaymiz. Ularga nisbatan qonunchilikka og‘irroq jazo kiritilishini istaymiz.

Shuningdek, bu borada yana bir savol javobsiz qolmoqda. Ayollar ko‘cha-ko‘yda, uyda yoki jamoat joyida tazyiqqa yoki zo‘ravonlikka uchrasa, avvalo kimga murojaat qilishi kerak? Kim unga tezkor javob qaytara oladi?

“Gazeta.uz” suhbatdoshlarining ishontirishicha, loyiha faqat zo‘ravonlik holati yuz bergandagina plakat va xabarlar chiqarish bilan cheklanmaydi. Shuningdek, hozircha ushbu harakatlar faqatgina internetga kira oladigan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchi qizlar uchun qilinyapti. Ularning ishi ommalashsa va yetarlicha resurs yig‘ilsa, uni ko‘cha-ko‘yda ham namoyish qilishni rejalashtirmoqda.