Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida 20−21-may kunlari bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan “Zhara” (JARA) rus musiqa festivali boshqa vaqtga ko‘chirilishi mumkin. Bu haqda yaqin kunlarda batafsil ma’lumotlar berilishini ta’kidlab, konsert tashkilotchilari “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

жара

Festivalni boykot qilish uchun plakat. Manba: Mirzo Zominiy / Telegram.

29-mart kuni bloger Mirzayor Erkinov “Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va Kremlni qo‘llab-quvvatlovchi Z-artistlar” ishtirok etgani uchun tadbirni boykot qilishga chaqirdi.

iTicket.uz chipta sotuvchi platformasi tadbirni boykot qilish haqidagi ilk manbalardan so‘ng, 31-mart kuni festival bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.

Biroq, 3-apreldan boshlab festival sahifasi chiptalar platformasidan olib tashlandi. “Gazeta.uz”ga kompaniya buni “texnik ish” bilan bog‘liq, deya izohladi. Keyin esa sahifa “konsert bekor qilinishi mumkinligi sababli vaqtincha yopilganini” qayd etdi. iTicket.uz sayti chiptalarni qaytarish uchun kompaniya ofisiga bog‘lanish kerakligini aytdi.

Bundan tashqari, festival uchun ochilgan Instagram sahifasi bloklandi. Konsert tashkilotchilarining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, sahifa “ko‘plab shikoyatlar tufayli yopilgan”.

Qolaversa, ular “JARA” festivalining poytaxtda o‘tkazilishini kutishmoqda. Rasmiy ma’lumot 3-aprel kuni kechqurun chiqishi mumkin, deydi promouterlar.

жара

Avvalroq bu festival Boku va Almata shaharlarida bekor qilingandi. Qozog‘istonda ham ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari festivalni bekor qilishni talab qilib, boykot e’lon qilishdi. Qozog‘istonliklar orasida birinchi norozilik to‘lqinidan so‘ng festival tashkilotchilari “Rossiya uchun” konsert marafonida ishtirok etgan Lolita, Sergey Lazarev, Yegor Kred haqidagi afishalarni olib tashladi. Ular bilan birgalikda Polina Gagarina va Larisa Dolina ushbu tadbirlarda chiqish qilishdi. Ularning konsertlari Qozog‘istonda jamoatchilik bosimi ostida bekor qilindi.

Ma’lumot uchun, “JARA” festivali har yili o‘tkaziladigan xalqaro musiqa festivalidir. Unga ilk bor 2016-yilda rossiyalik va ozarbayjonlik qo‘shiqchi, musiqachi va tadbirkor Emin Agalarov asos solgan. Tadbir Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida tashkil etilgan. Ushbu tadbirda MDH, asosan, Rossiyaning taniqli qo‘shiqchilari chiqish qiladi. U Rossiya telekanallarida translyatsiya qilinadi.