Urganch shahridagi oilaviy mehribonlik uyining bir necha oylar davomida jinsiy zo‘ravonlikka uchragan 3 nafar qizi xavfsizlik bilan ta’minlandi, — deb xabar berdi O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva.

“Gazeta.uz” manbasiga ko‘ra, qizlar qo‘riqchilar bilan ta’minlangan, ularning ko‘chaga chiqishi, jumladan, maktabga borish va qaytishi ham kuzatib boriladi.

“Ularning xavfsizligi, ruhiy va jismoniy tiklanishi hozirda ustuvor masaladir”, — dedi Saida Mirziyoyeva.

“Shu bilan bir vaqtda, bu kabi vaziyatlarda harakat qilish va, eng asosiysi, ularning oldini olish tizimini yaratish ustida ishlashimiz kerak. Qonunlarni qat’iylashtirish va zo‘ravonlikka mutlaq toqatsizlik normalarini yaratish vaqti keldi. Barcha darajalarda”, — dedi u.

“Bu vaziyatda menga umid bag‘ishlaydigan birdan-bir jihat borki, u ham bo‘lsa, oshkoralik va fuqarolik jamiyatining ovozi. Ehtimol, busiz atrofda bo‘layotgan voqelardan ojizlarcha bexabar bo‘lib qolardik”, — deya qo‘shimcha qildi prezidentning qizi.

“Zo‘ravonlik doim bo‘lgan, lekin aynan hozir ochiqlik tufayli ushbu hodisa haqida baland ovoz bilan gapiryapmiz va bunga qarshi kurashish uchun real resurslarimiz paydo bo‘ldi. O‘zbekiston so‘z va media erkinligi borasida zimmasiga olgan majburiyatlari, bu jarayon barcha uchun juda og‘riqli kechayotgan bo‘lsa-da, o‘z mevasini bermoqda”, — dedi u.

“Tizim bir kunda barpo etilib qolmaydi, bu uzoq yo‘l va manfaatlar kurashidir. Va bugun muammolarni erkin ko‘tarayotgan ovoz har qachongidan ham baland yangramoqda”, — deb yozadi Saida Mirziyoyeva.

U “barcha ommaviy axborot vositalari va bu ishga befarq bo‘lmagan hamda o‘z fuqarolik pozitsiyasini bildirgan faollarga” minnatdorlik bildirdi. “Amalda ishlaydigan odil sudlov tizimini yaratish yo‘lida birlashsak, kuch bo‘lamiz!” — dedi u.

Ish tafsilotlarini “O‘xshash xabarlar” bo‘limidagi havolalar orqali o‘qing.