3-aprel kuni O‘zbekiston Oliy sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar hay’atiga Xorazm viloyati prokuraturasining mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan jinsiy aloqada bo‘lgani uchun sudlangan viloyat Adliya boshqarmasining sobiq boshlig‘i Aybek Masharipov hamda Yangiariq tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq rahbari Anvar Kuryazovga nisbatan chiqarilgan hukm ustidan protesti kelib tushdi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar qildi.

Apellyatsiya sudining 2022-yil 27-dekabrdagi birinchi instansiya sudining sobiq mansabdor shaxslarga 1,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirgan qarori ustidan protest keltirilgan. Prokuratura suddan Masharipov va Kuryazovga nisbatan chiqarilgan hukmni bekor qilishni va ishni apellyatsiya instansiyasida qayta ko‘rib chiqishni so‘raydi.

“Ushbu protest Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida kassatsiya tartibida joriy yilning 6-aprel kuni Jinoyat-protsessual kodeksining 19-moddasi (sudda jinoyat ishlarining oshkora ko‘rilishi) talablariga muvofiq yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi ma’lum qilinadi”, — deyiladi xabarda.