Qozog‘iston hukumati AI-92/93 benzini va dizel yoqilg‘isi uchun marjinal chakana narxlarni oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Kursiv” nashri energetika vaziri v.b. Bolat Akchulakovga tayanib xabar qildi.

Xabar qilinishicha, AI-92/93 benzini narxi 11 foizga — 182−187 tengedan (4582,8−4708,7 so‘m) 205 tengega (5161,9 so‘m), dizel yoqilg‘isi esa 20 foizga — 230−260 tengega (5791,4−6546,8 so‘m) dan 295 tengega (7428,1 so‘m) qimmatlashadi.

“Ichki yoqilg‘i-moylash materiallari bozorini barqarorlashtirish uchun Qozog‘iston va qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi narx farqini kamaytirish zarur. Shuning uchun biz qiyin, lekin ayni paytda zarur qadam — marjinal chakana narxlarni oshirishimiz kerak”, — degan Akchakulov.

Rasmiylar, shuningdek, mamlakatda yoqilg‘ining yagona marjinal chakana narxini belgilash niyatida ham. Hozirda benzin va dizel narxi hududlarda farq qiladi.

Shu bilan birga, xorijiy xaridorlar uchun dizel yoqilg‘isi narxi yuqori darajada qoladi. Ulgurji va chakana narxlar o‘rtasidagi farq taxminan 20% ni tashkil qiladi.

Vazirning ta’kidlashicha, mavjud marjinal narxlarni saqlab qolgan taqdirda, “arzon qozoq dizel yoqilg‘isining mamlakat tashqarisiga chiqib ketishi faqat oshadi”.

Akchulakov, shuningdek, yaqin olti yil ichida dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishni ko‘paytirishning imkoni bo‘lmasligini aytdi. Chimkent neftni qayta ishlash zavodi quvvatini 6 mln tonnadan 9−12 mln tonnagacha oshirish uchun qancha mablag‘ kerak bo‘ladi.

Energetika vazirligi rahbarining ta’kidlashicha, Rossiyada dizel yoqilg‘isi narxi o‘rtacha litri uchun 345 tenge, bu Qozog‘iston yoqilg‘isidan 45 foizga, Qirg‘izistonda esa 64 foizga qimmat va litri 390 tengeni tashkil qiladi. O‘zbekistonda ikki baravar qimmat — litri 480 tenge (12086,4 so‘m, 101 foizga o‘sgan). Shunday qilib, Qozog‘iston dizel yoqilg‘isini chet elda qayta sotishdan olinadigan marja 50% dan 120% gacha yoki undan ko‘pni tashkil qiladi. Qozog‘iston Energetika vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, barcha olib-sotarlar shu tarzda yiliga 140 mln dollargacha daromad olishmoqda.

2019-yildan beri Qozog‘iston har yili iste’mol qilganidan ko‘proq benzin ishlab chiqargan. 2017−2018-yillarda uchta yirik neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish yakunlandi va benzin ishlab chiqarishni 2017-yildagi 3 mln tonnadan 2019-yilda 4,6 mln tonnagacha oshirish imkonini berdi. 2017-yilda 4,2 mln tonna, 2019-yilda 4,5 mln va 2022-yilda 4,9 mln tonna (ishlab chiqarish 5 mln tonnadan ortiq) bo‘lgan iste’mol respublikani yoqilg‘ining bir qismini Rossiyadan import qilishga turtki bo‘ldi. Prognozga ko‘ra, Qozog‘istonda 2023-yilda benzin iste’moli 2018-yildan beri birinchi marta o‘z ishlab chiqarishidan oshib, 5 mln tonnani tashkil etadi.

2023-yilda dizel yoqilg‘isi iste’moli 5,1 mln tonna ishlab chiqarishga nisbatan 5,8 mln tonna bo‘lishi prognoz qilinmoqda. 2022-yilda bu ko‘rsatkich mos ravishda 5,6 va 5,3 mln tashkil etdi. An’anaga ko‘ra, Qozog‘iston Rossiyadan yetishmayotgan yoqilg‘i-moylash materiallarini import qiladi, deb yozadi “Kursiv”.

Energetika vazirligi prognozlariga ko‘ra, 2023-yilda Qozog‘iston neftni qayta ishlash zavodlarida rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari tufayli neftni qayta ishlash 2022-yildagi 18 mln tonnaga nisbatan 17,9 mln tonnagacha kamayadi. Neft mahsulotlarini ishlab chiqarish o‘tgan yilgi 13,7 mln tonnaga nisbatan 13,4 mln tonnani tashkil etishi prognoz qilinmoqda. Shu bilan birga, neft qazib olish o‘tgan yilgi 84,2 mln tonnadan 90,5 mln tonnaga, eksport esa 64,8 mln tonnadan 71 mln tonnagacha oshadi.

Yanvar oyida Qozog‘iston benzin va dizel yoqilg‘isining chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solishni noma’lum muddatga, neft mahsulotlarini avtomobil transportida mamlakatdan olib chiqishni taqiqlashni esa 2023-yilning o‘rtalarigacha uzaytirdi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘iston 2022-yilda 76,5 mln dollarlik 119,1 ming tonna, jumladan, O‘zbekistonga 11,4 mln dollarlik 18,8 ming tonna dizel yoqilg‘isi eksport qilgan.