Davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona integrator (Uzinfocom) O‘zbekistonda domen nomlari tizimining ildiz serverini (DNS K-Root) yaratish bo‘yicha kelishuvga erishdi, deya xabar qildi Raqamli texnologiyalar vazirligi matbuot xizmati.

28-mart kuni Yerevandagi UADay tadbirida RIPE NCC mintaqaviy domen nomlari registratori bilan muzokaralar o‘tkazildi.

AKT vazirligining qayd etishicha, bugungi kungacha mahalliy saytlar foydalanuvchilarining barcha so‘rovlari birinchi bo‘lib xorijiy DNS serverlariga kelib tushardi. Bu biroz vaqt talab qilardi va ma’lumotlarni qayta ishlashni qiyinlashtirar edi.

“O‘zbekistonda K-Root serverining paydo bo‘lishi tufayli qidiruv jarayoni va internetning ishlashi sezilarli darajada yaxshilanadi. DNS tashqi xostlari va Internet kanallariga qaramlikni kamaytirish uni ishlatishni yengillashtiradi”, — deyiladi xabarda.

Vazirlikning fikricha, O‘zbekistonda ildiz serverning mavjudligi DNS tizimini rivojlantirishga katta hissa bo‘lib, bu, o‘z navbatida, uning nosozliklarga chidamliligi va barqarorligini sezilarli darajada oshiradi.

Uzinfocom loyihaning amalga oshirilishi global DNS muhim infratuzilmasining geografik taqsimotini kengaytiradi va uning DDoS-hujumlarga bo‘lgan chidamliligini oshirishini qayd etdi.

Spot nashrining yozishicha, RIPE tarmoqli koordinatsiyalar markazi internetning 13 ta DNS ildiz serverlari doirasiga kiruvchi K-Root (k.root-servers.net) serverlar guruhini boshqaradi. Mazkur serverlar domen nomlarini IP-manzillarga o‘tkazishda boshqa DNS-serverlar so‘rovlariga javob berib, barcha yuqori darajadagi, jumladan milliy domenlar uchun DNS-serverlar ro‘yxatini olishga imkon yaratadi.

DNS

Selectel nashrining izoh berishicha, DNS, bu — brauzerga foydalanuvchi so‘ragan saytni uning nomi bilan topish imkonini beradigan texnologiya.

DNS ishlash tamoyili smartfonning telefon kitobidan shaxslarni qidirish va ularga qo‘ng‘iroq qilishga o‘xshaydi. Ya’ni qo‘ng‘iroq qilishuvchi ismni qidirib, “qo‘ng‘iroq qilish” tugmasini bosadi va telefon kerakli abonent bilan ulab beradi. Smartfon bu jarayonda odamning o‘zini emas, balki telefon raqamidan foydalanadi. Agarda uning raqami telefonda yozilmagan bo‘lsa, ismning o‘ziga qo‘ng‘iroq qila olmaydi.

Saytlar bilan ham xuddi shunday mexanizmda ishlanadi. Har bir sayt nomi XXX.XXX.XXX.XXX formatidagi raqamlar jamlanmasiga mos tushadi. Har bir oktet (8 bitli raqam) manzili roppa-ropa bir baytni egallaydi, shuning uchun raqamlar 0 dan 255 gacha bo‘lgan kesimda aktual bo‘ladi. Bu jamlanma IP-manzil deb nomlanadi. Bunga 192.168.0.154 yoki 203.113.89.134 real IP-manzillari misol bo‘la oladi. Foydalanuvchi brauzerda sayt nomini, masalan, google.com nomini kiritsa, kompyuter maxsus DNS-serverdan ushbu saytning IP-manzilini so‘raydi.