Jizzax viloyati Baxmal tumani qurilish bo‘limi bosh arxitektori Sh. B. o‘z joniga qasd qildi. Samarqand viloyati prokuraturasi bu haqda 3-aprel kuni internetda e’lon qilingan ma’lumotni tasdiqladi.

Ma’lum qilinishicha, 13-mart kuni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi (Shaxsni qo‘rqitish, unga rahmsiz muomala qilish yoki uning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish natijasida uni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishiga suiqasd qilish darajasiga yetkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Marhumning o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertiza tekshiruvi, shuningdek, holat yuzasidan tegishli idoralarga xizmat tekshiruvlari tayinlangan”, — deyiladi xabarda.