O‘zbekiston shaharlari iqtisodiy o‘sish va aholi turmush darajasini oshirishning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishi mumkin. Jahon bankining shaharsozlik bo‘yicha mutaxassisi va “Fursat keldi: O‘zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish dvigateli sifatida foydalanishi mumkin?” hisoboti mualliflaridan biri Dmitriy Sivayev “Gazeta.uz” uchun tayyorlagan maqolasida mamlakatdagi shaharsozlik bilan bog‘liq muammolar va imkoniyatlar haqida hikoya qiladi.

XXI asrda shaharlar — yuqori sur’atda o‘zgarib borayotgan global iqtisodiyotning asosiy markazlaridir. Shahar o‘sishi va iqtisodiy o‘sish — o‘zaro bog‘liq hodisalar. Bugungi kunda shaharlar rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanib, o‘z mamlakatlari yalpi ichki mahsulotiga sezilarli hissa qo‘shmoqda. Shaharlarning ulkan salohiyatidan samarali foydalanish uchun ularni rivojlantirish yo‘lidagi mavjud muammolarni aniqlash va shaharlar o‘sishi ortidan qo‘lga kiritiladigan imkoniyatlarni boy bermaslik maqsadida mazkur muammolarni hal etish bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlar ko‘rish muhim ahamiyatga ega.

Samarali va barqaror urbanizatsiya hamda shaharlarning o‘sishi O‘zbekiston taraqqiyotining eng muhim shartlaridan hisoblanadi. Bu Jahon banki O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilayotgan ko‘plab sohalardan biridir. Xususan, tadqiqotimiz O‘zbekistonda shaharsozlikning mavjud muammolari va imkoniyatlarini xolisona baholashga yordam beradi hamda ularni shaharsozlikda boshqaruv va rejalashtirish bo‘yicha xalqaro tajriba asosida takomillashtirish yuzasidan tegishli tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.

2022-yilning yozida Jahon banki “Fursat keldi: O‘zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish dvigateli sifatida foydalanishi mumkin?” deb nomlangan hisobotini e’lon qildi. Uni tayyorlash ishlari o‘sha paytdagi Iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda bir qator shaharlar hokimliklari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan. Ushbu tadqiqotda biz mamlakatda shaharlarining rivojlanish tendensiyalarini tahlil qildik.

Shuningdek, unda mamlakat shaharlari duch kelayotgan muammolar aniqlanib, talab mavjud bo‘lgan tovarlar va xizmatlar, yangi ish o‘rinlari, shuningdek, fuqarolar hayot kechirishi va mehnat qilishi uchun qulay shart-sharoit bilan ta’minlashga qodir raqobatbardosh shaharlar yaratish bo‘yicha kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yo‘nalishlari belgilab olindi.

“Gazeta.uz” O‘zbekiston shaharlari o‘sish jarayonida duch kelayotgan muammolarga bag‘ishlangan so‘nggi maqolalaridan birida yuqoridagi hisobotdan batafsil iqtibos keltirgan edi. Ushbu maqolada biz “Gazeta.uz” materialida tilga olingan mavzu muhokamasini davom ettirib, undagi, bizning nazarimizda, o‘quvchilarga tushunarliroq bo‘lishi uchun soddalashtirilgan va umumlashtirilgan holda keltirilgan ayrim fikrlarga oydinlik kiritmoqchimiz. Mazkur sharhlarimizni e’lon qilish imkoniyatini taqdim etganligini uchun nashrga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Ushbu maqolada “Gazeta.uz”da e’lon qilingan materialda ko‘tarilgan mavzuning, bizning nazarimizda, hisobotimizning tegishli bandlariga havola berish orqali aniqlik kiritilishi va to‘ldirilishi zarur bo‘lgan bir nechta muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tmoqchimiz.

Yangi bosh rejalarni ishlab chiqish muhim, biroq shaharlarning rivojlanishi boshqa muhim omillar va qarorlarga ham bog‘liq

“Fursat keldi: O‘zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish dvigateli sifatida foydalanishi mumkin?” nomli hisobotda bir qator sabablarga ko‘ra hozirgi bosqichda O‘zbekistonda urbanizatsiya iqtisodiyotning samaradorligi va aholi turmush darajasini yetarli darajada oshirish imkonini bermayotgani ta’kidlanadi.

O‘zbekiston shahar xo‘jaligi samaradorligining pastligini faqatgina zichligi past bo‘lgan binolarning ko‘payishi bilan bog‘lash, ustiga-ustak, bunga rejalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va hududlarni shaharlashtirish tadbirlarining boshqa ko‘rinishlarini amalga oshirishda asos qilib olinuvchi eskirgan bosh rejalarni yagona sabab qilib ko‘rsatish unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaydi.

O‘zbekiston shaharlarining yuqoriga qarab o‘sish o‘rniga maydoni jihatdan kengayib borayotgani haqiqatda ularning rivojlanish salohiyatini cheklovchi omillardan biridir. Biroq, mazkur muammo faqatgina eskirgan bosh rejalar natijasi emas. Vaziyatni izohlovchi boshqa omillar ham mavjud.

Shaharlarning maydoni jihatidan kengayishiga olib keluvchi past zichlikka ega binolar ko‘payishining sabablari qatorida mamlakatda yer bozorining yetarli darajada rivojlanmaganligi, yer resurslarining samarasiz boshqaruv tizimi, shahar ko‘chmas mulk bozorida yangi arzon turar-joylar taklifining yetarli darajada emasligi, mavjud shaharlarni rejalashtirish tizimining bozor iqtisodiyoti voqeliklariga muvofiq emasligi, shuningdek, shahar infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarning cheklanganligini sanab o‘tish mumkin.

Shaharlar rivojlanishi natijalari va iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga ta’sir etuvchi omillar shaharlarning kengayishi yoki yuqoriga qarab o‘sishi bilangina cheklanib qolmaydi. Hisobotimizda qayd etilganidek, mamlakatdagi makroiqtisodiy va umumiy ishbilarmonlik muhiti, aholi harakatchanligiga to‘sqinlik qiluvchi omillar, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlarining shahar infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiya kiritish imkoniyatlarining cheklanganligi va shaharlar iqtisodiyoti o‘sishini rag‘batlantirish choralari ham hisobga olinishi zarur. Bu murakkab muammolar majmui bo‘lib, ularni hal qilish vaqt, tegishli davlat siyosatiga oid chora-tadbirlar va moddiy resurslarni talab etadi.

Keling, shaharsozlik masalalarini batafsil ko‘rib chiqamiz. Yangi bosh rejalar, shubhasiz, aksariyat hollarda shaharlarning yanada barqaror rivojlanishini rejalashtirish uchun zarur. Biroq, ular bir qator obyektiv mezonlarga javob bergan taqdirdagina samarali vositaga aylanishi mumkin.

Xususan, bosh rejalarda shaharning kelgusidagi o‘sish sur’atlari va ko‘lami yaqqol aks ettirilishi lozim. Shuningdek, ular shaharning mavjud va potensial muammolari hamda kelajakda o‘sish jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan chaqiriqlarni, masalan, aholi va transport vositalari sonining o‘sishi, iqlim o‘zgarishi va tegishli hudud moyil bo‘lgan tabiiy ofatlarning ta’siri, fuqarolar va shahar iqtisodiyotining energiya va boshqa resurslar bo‘yicha iste’moli va boshqalarni hisobga olishi zarur.

Bosh rejalar shahar infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya dasturlari va tegishli hududlarni rivojlantirish rejalarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tegishli kommunal xizmatlar mavjudligi orqali mustahkamlangan bo‘lishi lozim. Ular binolar qurilishiga ruxsat berishning samarali va shaffof tizimi hamda tegishli davlat standartlariga rioya etilishi ustidan haqiqiy nazorat bilan ta’minlanishi zarur. Hisobotimizda so‘nggi yillardagi yangilangan bosh rejalar, afsuski, yuqoridagi mezonlarga deyarli javob bermasligini ko‘rsatganmiz.

Shaharsozlik tizimini chuqur isloh qilmasdan turib, yuqoridagi mezonlarni e’tiborga oluvchi bosh rejalarni ishlab chiqish imkonsiz. Buning uchun bosh rejalarni ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan aholi, infratuzilma, kommunal xizmatlar va shahar makonining xususiyatlari bo‘yicha fazoviy ma’lumotlarni yig‘ish jarayonlarini tizimlashtirish talab etiladi. Shuningdek, qurilish ishlarini amalga oshirish va aniq yer maydonlaridan foydalanishga qo‘yiladigan talab va cheklovlarning shaffofligini oshirish zarur. Bundan tashqari, shahar xo‘jaligida rejalashtirish va boshqaruv masalalarida mahalliy hokimiyat organlarining salohiyati va malakasini oshirish lozim.

Mahalliy hokimiyat organlarining past salohiyati va ular ixtiyoridagi resurslarning taqchilligi shaharlarni rivojlantirish imkoniyatlarini cheklamoqda

Shaharlarni rivojlantirishda shahar va tuman hokimliklarining roli xususida alohida to‘xtalib o‘tish joiz. “Gazeta.uz” maqolasini o‘qir ekansiz, Jahon banki hisobotida tilga olingan shaharlar ma’muriyati tegishli hududlarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarning uddasidan chiqa olmayotgandek taassurot uyg‘onadi. Biroq, bu xulosalarimizning to‘laqonli to‘g‘ri talqini emas.

Hisobotimizda Piskent va Ohangaron shaharlari misolida bugungi kunda shahar va tumanlar hokimliklari mahalliy infratuzilmani rivojlantirish va tegishli hududlar iqtisodiyoti o‘sishini qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli mablag‘ va vositalarga ega emasligini ko‘rsatib berishni maqsad qilganmiz. Mazkur muammo tizimli xarakterga ega bo‘lib, nafaqat nomlari ko‘rsatilgan ikkita shahar, balki butun mamlakat miqyosidagi vaziyatga taalluqlidir.

Bir tomondan, sanoat zonalarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlari joylarda taraqqiyotning dvigateliga aylanishi mumkin. Shu bilan bir paytda, ushbu dasturlar doirasida investorlarga zarur infratuzilma taqdim etilmagan taqdirda, mahalliy hokimiyat organlarida ko‘p hollarda bu vaziyatni ijobiy hal etish uchun zarur resurslar mavjud bo‘lmaydi.

Yana bir misol, Piskent singari (shahar Toshkent dengizi deb ham yuritiluvchi Tuyabo‘g‘iz suv ombori yaqinida joylashgan) turistik salohiyati mavjud bo‘lgan shahar misolida olib qaralsa, mahalliy budjetlarni moliyalashtirishning amaldagi tizimi sharoitida tegishli hududlarning hokimiyat organlari turizm sanoatini rivojlantirish, shu jumladan tegishli infratuzilmani yaratish uchun yetarli resurslarga ega emas.

Hisobotimizda 2018-yilda boshlangan davlat tomonidan moliyalashtirish tizimini isloh qilish hamda hukumatning shahar va tumanlar hokimliklarini ko‘proq resurslar bilan ta’minlashga intilishi — davlat boshqaruvi tizimini nomarkazlashtirish va mahalliy hokimiyatlarning hududlarni rivojlantirish sohasidagi mustaqilligini oshirishga qaratilgan muhim qadam ekanligi ta’kidlangan.

Biroq, davlat tomonidan moliyalashtirishning mavjud tizimi hozircha mahalliy hokimiyatlarga o‘zlarining kelgusidagi tushumlarini, aytaylik, kelgusi bir necha yil uchun prognoz qilish imkonini bermaydi. Bu ular uchun yirik kapital qo‘yilmalarni talab qiluvchi shahar infratuzilmasi va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli investitsiya loyihalarini rejalashtirish bilan bog‘liq muayyan qiyinchiliklarni tug‘diradi. Bu vaziyatda muammoning ildizi yana tizim darajasida bo‘lib, tegishli hududlarning rivojlanmaganligida alohida hokimliklarni ayblash mutlaqo o‘rinli emas.

Shaharlarni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarida tizimli islohotlarni davom ettirish — O‘zbekiston shaharlari farovonligining muhim shartidir

Hisobotimizda O‘zbekiston shaharlarining ravnaqi yo‘lida hal etilishi zarur bo‘lgan qator tizimli muammolar mavjudligi haqida ochiq gapirganmiz. Shu bilan birga, hukumat tomonidan so‘nggi yillarda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va davlat moliyasi tizimini isloh qilish, shaharlar va hududlar infratuzilmasiga investitsiya kiritishni kengaytirish, uy-joy qurilishini rivojlantirish va boshqa sohalarda erishilgan muayyan yutuqlarni e’tirof etish ham muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekistonda yer islohotining dastlabki ijobiy natijalarini alohida e’tirof etish joiz. Xususan, yangi yer qonunchiligi qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan yer bozorini shakllantirishga zamin yaratadi. Shubhasiz, kadastr tizimi, turli milliy va mahalliy axborot tizimlarini yanada rivojlantirish, yer va binolarga bo‘lgan mulk huquqini ro‘yxatga olish, yer qiymatini baholash, istiqbolda esa shahar yerlarini xususiylashtirish bo‘yicha qilinishi lozim bo‘lgan ko‘p ishlar hali oldinda.

Yuqorida sanab o‘tilgan muvaffaqiyatlar erishilganlar bilan kifoyalanib qolish mumkinligini anglatmaydi. Hozirgi bosqichda davlat siyosatiga oid tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, uy-joy sohasida arzon ko‘p xonadonli uy-joy qurilishi dasturlari va ipoteka krediti stavkalari bo‘yicha subsidiyalar aholining turar-joy sotib olish imkoniyatlarini oshirdi. Keyingi bosqichda mazkur dasturlarni yakunlash zarur, shunda ular shahar muhiti va fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash, shuningdek, hukumatning kamroq ishtiroki orqali aholining ehtiyojlarini qondira oladigan uy-joy bozorini rivojlantirishga yordam beradi.

Yangi turar-joy massivlarini bandlikka ko‘maklashish markazlari, maktablar, poliklinikalar va boshqa ijtimoiy infratuzilma obyektlariga eltuvchi transport vositalari nisbatan qulay bo‘lgan hududlarda joylashtirish imkoni yaratilsa, bunday natijalarga qisqa muddatda erishish mumkin. Bu yangi shaharsozlik tizimiga muvofiq ishlab chiqilgan bosh rejalar qoidalariga muvofiq vaqt o‘tishi bilan sodir bo‘lsa, yanada maqsadga muvofiq.

Umuman olganda, uy-joy qurilishi sohasida alohida davlat dasturlaridan xususiy sektorni yanada kengroq jalb etish va ushbu sohada jadal bozor munosabatlarini joriy etish imkonini beruvchi davlat uy-joy strategiyasini amalga oshirishga o‘tishni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Ushbu chora-tadbirlar shaharlarda turar-joy muammosini uzoq muddatli hal qilishga yordam beradi.

O‘zbekistonda samarali va barqaror urbanizatsiyani ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari

Urbanizatsiya va shaharlarning o‘sishi — O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish va aholi turmush darajasini oshirish uchun noyob imkoniyat bo‘lib, uni aslo qo‘ldan boy bermaslik lozim. Bugungi kunda mamlakat shaharlari har doim ham o‘z imkoniyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqara olmayapti. Bu yuqorida qayd etilgan, ham mahalliy darajada, ham butun mamlakat miqyosida mavjud qator muammolar va chaqiriqlar bilan bog‘liq.

Biz o‘z hisobotimizda O‘zbekistonda samarali va barqaror urbanizatsiyani ta’minlash va keltirilgan muammolarni hal etish bo‘yicha uchta ustuvor yo‘nalishga e’tibor qaratdik. Ular mamlakat hukumati tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan quyidagi tavsiyalarni o‘z ichiga oladi:

  1. Shahar va hududiy rivojlanish milliy strategiyasini qabul qilish. Unda mamlakat shaharlari qanday bo‘lishi kerakligi hamda ularni rivojlantirishning tegishli maqsadlariga erishish bo‘yicha davlat siyosatiga oid chora-tadbirlar aniq ifodalanishi, shuningdek, strategiyani amalga oshirishga mas’ul davlat organlari belgilab olinishi lozim.
  2. Hukumatning muayyan vakolatlarini hokimliklarga berish, yirik moliyaviy resurslarni mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyoriga o‘tkazish, shuningdek, hokimliklarning shaharsozlik va rejalashtirish sohasidagi malakalari darajasini oshirishni o‘z ichiga oluvchi uzoq muddatli dasturni amalga oshirish orqali mahalliy hokimiyat organlarining vakolat va imkoniyatlarini kengaytirish.
  3. Shaharlar rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tarkibiy islohotlarni davom ettirish. Samarali ko‘chmas mulk bozorini shakllantirish hamda yer va ko‘chmas mulkka bo‘lgan mulkiy huquqlarni ishonchli himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan yer islohotini amalga oshirish, shuningdek, shaharsozlik va shahar yerlaridan foydalanish tizimini modernizatsiya qilish shular jumlasidandir. Modernizatsiyalash yer bozorini rivojlantirish va yer resurslarini boshqarishning samarali va shaffof mexanizmlarini ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.

Xulosa o‘rnida

Jahon bankining “Fursat keldi: O‘zbekiston qanday qilib urbanizatsiyadan barqaror rivojlanish dvigateli sifatida foydalanishi mumkin?” hisoboti keng ko‘lamli tahliliy, statistik, makon va boshqa ma’lumotlarning tahlili natijalari, shuningdek, alohida shaharlarning rivojlanishiga oid misollar va muammolar muhokamalarini o‘z ichiga oladi. Ushbu nashrning birgina rukn doirasida umumlashtirish imkonsiz bo‘lgan mazmuni va xulosalarini yaxshiroq tushunish uchun mamlakatdagi urbanizatsiya jarayonlariga qiziquvchi barchani hisobotga biroz ko‘proq vaqt va e’tibor ajratishini tavsiya etamiz.

Amerikalik iqtisodchi Edvard Gleyzer shunday degan edi: “Shaharlar insoniyatning eng buyuk ixtirosi bo‘lib, ular bizni yanada boyroq, aqlliroq, sog‘lomroq va baxtliroq qiladi”. Shaharlar, shubhasiz, bularning barchasini O‘zbekiston aholisi uchun ham qilishga qodir. Ko‘plab mamlakatlar rasmiylari farovon shaharlar qurishga va ularni milliy iqtisodiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylantirishga muvaffaq bo‘lgan. O‘zbekiston hukumati ham o‘z oldiga shunday maqsad qo‘ygan. Bu maqsad, unga erishish yo‘lida bugun ushbu shaharlarda yashayotgan va ertaga ularda yashaydigan odamlar manfaati uchun ko‘proq kuch va resurslarni safarbar etishga munosib.