Mart oyida professional o‘zbek raqsi asoschilaridan biri Tamaraxonim tavalludiga 117 yil to‘ldi: qo‘shiqchi, raqqosa, baletmeyster Tamara Artyomovna Petrosyan 1906-yil 29-mart kuni Farg‘onada tug‘ilgan edi. “Gazeta.uz” xonimni xotirlash maqsadida uning Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan uy-muzeyida bo‘ldi.

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Tamaraxonim bu uyga 1981-yilda ko‘chib kelgan. Raqqosaning vafotidan 3 yil o‘tib, 1994-yili uy muzeyga aylantirilgan. Yiliga 2 mingdan ortiq tashrifchi keladigan, 6 mingdan ortiq eksponati bor muzey ikki zal, ikki dahliz, xonim yashagan uyning mehmonxona, yotoqxona, oshxonasi hamda hovlidan iborat.

Devorlari 2017-yilda qisman ta’mirlanganini aytmasa, uyda xonimning o‘zi yashagan davrdagiga nisbatan biror o‘zgartirish yo‘q. Bu uy-muzey Tamara Petrosyanning san’atga kirib kelishidan tortib to dunyo tanigan Tamaraxonim bo‘lgan davrigacha bo‘lgan xotiralarni o‘zida jamlagan.

Ikkinchi Jahon urushidan avval

Raqqosaning ijodini mos ravishda uchga bo‘lish mumkin: Ikkinchi Jahon urushigacha bo‘lgan vaqt, urush davri va undan keyingi yillar. Muzey ekspozitsiyasi 2022-yili martida tashkil etilgan, san’atkorning Ikkinchi Jahon urushigacha bo‘lgan davrdagi hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kichik zaldan boshlanadi.

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Tamaraxonimning asli armanistonlik ota-onasi ishchilar qo‘zg‘oloni sabab Yangi Marg‘ilon (hozirgi Farg‘ona) shahriga ko‘chib keladi. Tamara ham shu yerda dunyoga keladi. Tamaraxonimning o‘zbek raqsi tadqiqotchisi, san’atshunos Lyubov Avdeyeva tomonidan tartibga solingan avtobiografiyasi — “Mening hayotim. O‘zim va O‘zbekistonning taniqli san’atkorlari haqida xotiralar” kitobida xonimning otasi arman tori, o‘zbek tanburini yaxshi chalgan, onasi esa raqsga tushib, qo‘shiq kuylagani to‘g‘risida ma’lumotlar keltiriladi.

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

Foto: Ma’murjon Obrahmatov / “Gazeta.uz”

Tamara Petrosyan hali maktabga chiqmayoq musiqaga, san’atga qiziqishi bilan atrofdagilar e’tiboriga tushadi. Kichik tadbirlarda xalq raqslari, qo‘shiqlari bilan chiqishlar qilib yuradi. 1922-yil boshida o‘zbek professional xonandasi Mulla To‘ychi bir boyning uyidagi qo‘shiq kuylash kechasiga uni ham taklif qiladi. Keyinchalik Usta Olim Komilov bilan tanishib qoladi. Usta truppa tashkil qilganida Tamarani ham jamoasiga taklif qiladi.

Tamaraxonim turli millat raqslarida. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

“Milliy musiqa va raqsga bo‘lgan muhabbatim davolash kerak bo‘lgan „kasallik“ emas, balki meni voyaga yetkazgan xalq ijodiga muhabbatning munosib tuyg‘usi ekanligini angladim”, — deb yozadi Tamaraxonim o‘z tarjimai holida.

Tamaraxonimga aylanish

Tamara Moskvadagi bir festivalda o‘zbek qo‘shiqlarini ijro etish uchun sahnaga chiqishi kerak edi. Uni sahnaga taklif qilish vaqtida uning qaysi respublikadan ekanini ham aytmoqchi bo‘lishadiyu, ammo “O‘zbekistondan milliy qo‘shiqlar ijrochisi Tamara Artyomovna Petrosyan” deb tanishtirish hech maqsadga muvofiq emas. Shunda uni sahnaga ismiga “xonim” qo‘shimchasini qo‘shib chaqirishadi. Shu tariqa Tamara Petrosyan Tamaraxonimga aylanadi. Festivalda qatnashgan sovet davlat arbobi Anatoliy Lunacharskiy xonimning sahnadagi ijrosini ko‘rib, unga “Sharqning ilk qaldirg‘ochi” deya ta’rif beradi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Tamaraxonim 1925-yili Muhiddin Qoriyoqubov bilan birga O‘zbekiston nomidan Parijdagi Xalqaro san’at ko‘rgazmasida ishtirok etadi. Chiqishlari Parijda yig‘ilganlar olqishiga sabab bo‘lganini ko‘rgan xonim Qoriyoqubovga: “Bu qarsaklar faqat bizga emas, balki xalqimiz yuzlab yillar davomida biz uchun saqlab qolgan san’atimizga qaratilganini bilishimiz kerak”, deb eslatadi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Ikki san’atkor Fransiyadan o‘zbek operasi va o‘zbek baletining poydevori, tayanchi bo‘ladigan qo‘shiq va raqslarni ijro etuvchi truppa yaratish qarori bilan qaytadi. Xonim qishloqlarda, yo‘l-yo‘lakay choyxonalarda, sarson-sargardon xonandayu sozandalardan xalq qo‘shiqlari yozib olib, raqslarni o‘rgana boshlaydi. U o‘zbek balet maktabini tashkil qiladi. Shuningdek, u o‘zbek xalq laparlarini kuyga solib, sahnada raqs bilan hamohanglikda ijro etishni boshlab beradi.

Turli konsertlar va gastrollarda Tamaraxonim truppadoshlari bilan. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Xonim 29 yoshida Usta Olim Komilov, To‘xtasin Jalilov, Abduqodir Ismoilov bilan birga Londonda o‘tkazilgan xalqaro festivalda g‘olib chiqqan — bu uning raqs bo‘yicha olgan birinchi medali edi. 1932-yili, endigina 26 yoshga to‘lganda esa ayol san’atkorlar orasida birinchi bo‘lib O‘zbekiston xalq artisti unvoniga sazovor bo‘ldi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Tamaraxonim har bir raqsini improvizatsiya orqali ijro etgan. Raqslarga ko‘pincha o‘zidan qandaydir harakatlar qo‘shgan yoki olib tashlagan. Keyinchalik xonimning hamma raqslari shogirdlari tomonidan qayta sahnalashtirildi. Tabiiyki, bu jarayonda xonimning ijorlarida ma’lum o‘zgarishlar bo‘ladi.

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

“Pilla” raqsini ijro etayotgan Tamaraxonim. “Pilla” — xonimning bugungacha o‘zgartirilmagan, xonim qanday ijro etgan bo‘lsa, shundayligicha ijro etib kelinayotgan yagona raqsi. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Tamaraxonim — rassom va haykaltaroshlar nigohida

Tamaraxonimga bag‘ishlangan tasviriy asarlar ko‘p. Ular orasida Chingiz Ahmarovning professional suratlaridan tortib to ismi noma’lum havaskorlarning-da ijodiy ishlari bor. Xonim uni tasvirlagan har bir rassomning ishini qadrlab, asrab qo‘ygan.

Tamaraxonim turli rassomlar tasvirida. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Muzeyning zal kuzatuvchisi Shahlo Sharipovaning aytishicha, Tamaraxonimni yaqindan tanigan rassomlar uni doim issiq ranglarda tasvirlagan. U suratlarga ham jiddiy qiyofada emas, balki kulib, ochiq chehra bilan tushardi. Xonim umrining oxiriga qadar jo‘shqin, shijoatli, ko‘ngli orzularga to‘la ayol bo‘lib qola olgan.

Tamaraxonim turli rassomlar tasvirida. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Zal kuzatuvchisi O‘zbekiston xalq rassomi Rahim Ahmedov Tamaraxonimning 80 yillik yubileyiga bag‘ishlab 1991-yil chizgan suratidagi detallarni tahlil qilarkan, paranji Tamaraxonim o‘z ijodini boshlagan davrni, turli milliy liboslar u ko‘plab millatlar raqslarini ijro etgani ramzi ekanini, qizil fon esa Ikkinchi Jahon urushining qonli damlarini ko‘rsatishini ta’kidladi. “Bular Tamaraxonim har qanday og‘ir vaqtlarda ham faoliyatini to‘xtatmay, ijod yo‘lini mardonavor bosib o‘tganini ko‘rsatadi”, — deydi u.

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

Rahim Ahmedov chizgan surat. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Xonimning qizi Vansetta Qoriyoqubova va kuyovi Toir Salohov ham rassom edi. Vansetta ota-onasiga bag‘ishlab ham asarlar chizgan. Masalan, bir suratida onasini xorazmcha libosda aks ettirgan. Tamaraxonim 1934-yili Xorazmga ko‘chib borib, ikki yilga yaqin o‘sha yerda yashaydi. U “Mening hayotim” kitobida Xorazm raqslarini sevmay turib O‘zbekistonda yashab bo‘lmasligini ta’kidlaydi.

“Xorazmning hamma narsasi meni hayratda qoldirdi: shevasi va o‘ziga xosligi, ayniqsa san’ati. Xorazmliklar nihoyatda iqtidorli. Nazarimda, xorazmliklarning raqslari o‘zbek raqslari ichida eng ta’sirlisi, eng maftunkoridir”, — degan u.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Toir Salohov esa xonimni sariq rangda tasvirlagan. “Pushti rangda tasvirlagan rassomlar xonimni sokin va orzularga to‘la deb bilgan bo‘lsa, kuyovi yonib turgan olovga qiyoslagan”, — deydi Shahlo Sharipova.

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

Bronzadan ishlangan haykaltaroshlik asari. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Muzeyda Tamaraxonim gavdalantirilgan ikkita haykaltaroshlik asari ham bor. Biri bronzadan ishlangan, lekin O‘zbekistonda tayyorlanmagan. Ikkinchisi esa zal kuzatuvchisi Shahlo Sharipova tomonidan ishlangan.

Katta zal

Muzeyning katta zalidan xonimning 1942-yildan keyingi faoliyati aks etgan ekspozitsiyalar o‘rin olgan. Urush davrida Tamaraxonim faqat san’at bilan chegaralanmay, ijtimoiy-siyosiy faoliyat ham bilan ham shug‘ullangan.

O‘sha vaqtda SSSRda eng oliy hisoblangan Stalin mukofoti uchun olgan gonorarini tank ishlab chiqarish uchun bergan, shu sababli ham urushda Tamaraxonim ismi yozilgan tank ham qatnashgan. Konsertlaridan tushgan pulni ham bir necha bor Mudofaa vazirligiga o‘tkazib bergan. Kasalxonalar, harbiy qismlarda, frontda yaradorlar oldida konsertlar bergan.

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

Urushda Tamaraxonim nomidan ishtirok etgan tank maketi. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Tamaraxonimga 1943-yili sovet aktrisalari orasida birinchi bo‘lib armiya kapitani unvoni beriladi. Uing kapitan mundiri hozir ham saqlanib qolgan. Zal kuzatuvchisining aytishicha, Tamaraxonim turli uchrashuvlarga doim egnida kapitan mundiri va boshida do‘ppi bilan borgan.

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

Eshikdan kiraverishda vitrinadagi birinchi turgan kiyim Tamaraxonimning mundiri. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

“Tamaraxonim kamdan-kam boshyalang ko‘chaga chiqardi. Shu mundirni kiyganida ham sochini ikkiga o‘rib, farg‘onacha erkaklar do‘ppisini kiygan. Xonim kiyimlari orqali bir vaqtning o‘zida ayollik nazokatini ham erkaklik jasoratini mujassamlashtira olgan”, — deydi u.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Muzeyda xoniming ko‘plab mukofotlari, turli guvohnomayu hujjatlari, butun umri davomida olgan orden-medallarini ham ko‘rish mumkin. Ular orasida xonimning vafotidan keyin berilgan “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni ham bor. Bu mukofotni 2001-yili nabirasi Alagezxonim qabul qilib olgan.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Tamaraxonim liboslari

Muzeyning eng muhim, aslida uning tashkil etilishiga eng asosiy sababchi qismi — liboslardir. Tamaraxonim har bir libosini o‘z farzandidek asrab-avaylab, umri davomida yiqqan. U 1986-yiliyoq hovlisida o‘z liboslarining doimiy ko‘rgazmasini tashkil qiladi.

Tamaraxonimning boshqa millatlarga tegishli liboslari. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Zalning bir tarafidan O‘zbekiston hududlari, ikkinchi tomonidan boshqa davlatlarga tegishli sahnaviy liboslar o‘rin olgan. Ular orasida oq-qora ranglilarini ham uchratish mumkin. Bu urushdan keyin ommalashgan rang bo‘lib, yo‘qotishlar, armonlarni ifodalagan va san’atda ham o‘z o‘rnini topgan.

Tamaraxonimning milliy liboslari. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Tamaraxonim egnidagi liboslari, taqinchoqlariga ahamiyatli bo‘lganidan har birining tikish, bezatish va tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etgan, bosh kiyimlarining barchasini o‘zi tayyorlagan.

“Mening hayotim” kitobida xonimning bir xulosasi keltiriladi: “Raqs kostyumdan boshlanadi. Uning kesilishi, uzunligi, matosi ahamiyatli. Bezaklar esa qo‘l harakatiga yordam beradi, nigohga ham ta’sir qiladi. Oyoq kiyimning shakli esa harakatda o‘ziga xoslikni ta’minlaydi. Shundan keyingina qo‘shiq va raqs tanaga kiradi”.


Tamaraxonim taqinchoqlari. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Xonim O‘zbekistonni boshqa davlatlarga kiyimlar orqali tanitgan. Ta’kidlanishicha, 1925-yili Parijdagi ko‘rgazmaga borganida Tamaraxonimning o‘zbekona liboslariga parijlik xonimlar havas qilgan. Ular o‘zbek milliy liboslarini navbati bilan hatto kiyib ham ko‘ra boshlagan. Bundan ta’sirlangan Tamaraxonim gastrol oxirigacha o‘zbek liboslarida yurgan.

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

Tamaraxonim Parijda, 1925-yil. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

“Konsertdan keyingi birinchi kuni ko‘chaga o‘zbekcha libosda chiqishning iloji yo‘qdek tuyuldi, noqulay edi. Men Qoriyoqubovdan yevropacha liboslar olib berishini so‘radim. U yo‘lda shunday dedi: „Qarang, moda ayollari sizga qanday hasad qiladi, chunki siz ular kabi kiyinmagansiz“. Do‘konda sotuvchi ayollar meni o‘rab olishdi va darhol kiyimlarimni ularga sotishimni so‘rashdi. Ular mening to‘nim, zardo‘zi tuflilarim, xonatlas ko‘ylaklarim va, ayniqsa, taqinchoqlarimga mahliyo bo‘lishdi! Men ularga to‘nimni kiyib ko‘rishga ruxsat berdim. Ular uzun navbatda turdi. Keyin men qat’iyat bilan kiyimimni kiyib oldim va sotib olganimni qutiga solib, olib ketdim. Qoriyoqubov ham milliy libosini yechmagan, juda g‘ururlangan edi”, — deya kitobda o‘sha kunlarni eslaydi xonim.

Paranji — Tamaraxonim kiyimlari orasida o‘ziga xos o‘ringa ega. U liboslar kolleksiyasi safiga xonimning o‘zi tomonidan qo‘yilgan. Zal kuzatuvchisining aytishicha, paranji xonimning hayotini bir necha bor saqlab qolgan.

“Tamaraxonim ijodini boshlagan vaqtlarda xotin-qizlarning san’at bilan shug‘ullanishini ko‘pchilik xazm qila olmagan. O‘sha davr afishalarida u hatto o‘z nomi bilan emas, turli taxalluslar bilan chiqishga majbur bo‘lgan. Faqat erkaklardan tarkib topgan jamoa tarkibida bo‘lgani bois, bir necha erkakning yonida paranji tashlagan ayolni ko‘rib, uning Tamaraxonim ekanini bilib qolmasliklari uchun, jamoadoshlari ham ustiga paranji tashlab yurgan”, — deydi Shahlo Sharipova.

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

Paranji chapdan uchinchi vitrinada. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

“Uning paranji tashlash marosimlarida ishtirok etishi ba’zi odamlarning qahr-g‘azabini keltiradi, sahnada qo‘shiq kuylab turganida unga bir necha bor pichoq bilan yoki toshbo‘ron tarzida suiqasd qilishadi. “Shunday paytlarda ustiga paranji tashlab, uni sahnadan olib chiqib ketishgan. Hayotini saqlab qolishga sabab bo‘lgani uchun Tamaraxonimning paranjiga hurmati cheksiz edi”, — deydi zal kuzatuvchisi.

“Mening hayotim”da 1919-yili xonim raqsga tushayotgan bir konsertda yuz bergan otishma haqida hikoya qilinadi.

“Konsert o‘rtasida otishma boshlandi. Olomon yugurishga tushdi. Yusuf qiziq Shokirjonov qo‘limdan ushlab oldi va biz bir xiyobonga tushib qoldik. U yerda birov tashlagan burqani o‘ziga tashladi, yuzini chachvon bilan yopdi, biz yana yugurdik. Paranji juda uzun edi, men doimo qoqilib ketardim. Charchasak-da yugurishda davom etardik. Uyga yetganimda onam allaqachon darvoza oldida turardi… Shu bilan ular meni ko‘chaga chiqarishmadi”, — deyiladi Tamarxonimning xotiralarida.

Xonimning avtobiografik kitobi bir necha qismlarga bo‘lingan. Uning uchinchi bobi kirish qismida “Bolalik tugadi, qiyin yoshlik boshlandi” deb yozib qo‘yilganida, ehtimol, shu qiyinchiliklar nazarda tutilgandir.

Tamaraxonim boshqalar ta’rifida

Ayrim manbalarda Tamaraxonim dunyodagi 86 millatning raqslarini ijro etgani aytiladi. Uning ijrosidan keyin turli xalq vakillari xonimga minnatdorchiliklar bildirishadi. “Mening hayotim” kitobida shunday voqealarning ayrimlari haqida so‘z yuritilgan.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Chexoslovakiyada gastrolda bo‘lganida ijro etish uchun biror qo‘shiq topolmaydi. Praga shoir va bastakorlari olib kelgan yangi qo‘shiqlaru bir nechta musiqiy sahifalardan xalq ruhini his etmaydi. To‘satdan to‘ydan kelayotganlar kuylayotgan chex polkasini eshitib qoladi va uni kuylashga qaror qiladi. Ertasi kuni bu qo‘shiqni “butun Praga kuylaydi”.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Moskvadagi xalqaro festival konsertida Tamaraxonim ijrosidagi arabcha qo‘shiq hammani hayratga soladi. Toshkentga qaytgach, Misr elchisi Muhammad al-Kuni xonimga sovg‘a topshirar ekan: “Sizning chiqishingiz bizga Misrning deyarli unutilgan san’atini eslatdi”, — deydi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

U mo‘g‘ul qo‘shig‘ini kuylaganida mo‘g‘ul tomoshabinlari: “Tamaraxonim mo‘g‘ul qo‘shig‘ini kuylagan birinchi xorijlik san’atkor”, deya e’tirof etishgan.

“Tamaraxonimning raqs va qo‘shiqlari haqida cheksiz gapirish mumkin, chunki uning repertuarida ular yuzlab. Aftidan, xonim hech narsani kashf qilmagan, u faqat xalq qo‘shiqlarini kuylab, raqsga tushgan. Tamaraxonim bir vaqtning o‘zida qo‘shiqchi va raqqosa edi. Ammo bunda yangilik yo‘q — butun o‘zbek yallachilari ham bir vaqtda kuylab, raqsga tushadi. Masalan, hindlarda ham shunday, so‘nggi o‘n yilliklardagi deyarli barcha estrada yulduzlari ham qo‘shiq kuylab, raqsga tushadi. Ammo ularning hammasi ham tomoshabinni hayratda qoldirmaydi. Farqi shundaki, O‘zbekiston va dunyoning ko‘plab mamlakatlarida tomoshabinlar xonimning san’atini mast qiluvchi dori sifatida emas, balki ma’naviy ozuqa sifatida qabul qilgan”, — deb yozadi xonim haqidagi avtobiografik asar muallifi Lyubov Avdeyeva.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Shuningdek, kitobda muallif shunday savol qo‘yib, unga o‘zi javob beradi: “Tamaraxonim hayoti davomida nechta konsert bergan? Bu savolga aktrisaning o‘zi ham, Madaniyat boshqarmasi ham, O‘zbekiston filarmoniyasi ham, Rossiya konsert tashkiloti ham javob bera olmadi. Javob eng umumiy — minglab”.

Oila

Tamaraxonim ikki marta turmush qurgan: birinchsi truppadoshi Muhiddin Qoriyoqubov bilan, ikkinchisi Po‘lat Rahimov bilan. Xonimning o‘zi birinchi oilasi haqida shunday degan:

“Men atigi 23 yoshda edim. Qizimiz juda kichkina bo‘lsa-da, biz ajrashdik. Biz bir-birimizni oddiy erkak va ayol bir-birini sevishi kerak bo‘lganidek sevmadik. Biz bir-birimizdan ko‘ra san’atni va san’atga muhabbatimizni sevardik. Biz quroldosh edik, lekin oshiq emas. Muhabbatim tufayli yosh musiqachi Po‘lat Rahimovga turmushga chiqdim va tez orada ikkinchi qizim dunyoga keldi. Keyinchalik Qoriyoqubov ham o‘zining chinakam ayolini uchratdi, ular baxtli, bir-birlarini sevib, besh farzandni tarbiyalashdi.

Ajrashganimizdan so‘ng, avvaliga Qoriyoqubov bilan munosabatlarimiz keskinlashdi, lekin ko‘p o‘tmay, sherik bo‘lib qoldik va qo‘limdan tutgan bu odam bilan umrining so‘ngiga qadar do‘st bo‘lib qoldim. Inqilobdan keyingi ilk yillarning hamma ijodkorlari Qoriyoqubovdan qarzdor. U bizga o‘zining fe’l-atvori, otashin vatanparvarligini yuqtira oldi. Muhiddin Qoriyoqubov men uchun madaniyatimiz farovonligi yo‘lidagi barcha ishlarda birinchi — birinchi xonanda, musiqali o‘zbek teatrining birinchi rejissyori, birinchi tashkilotchisi bo‘lib qolmoqda".

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

Tamaraxonim nevaralari bilan. Xonimning birinchi turmushidan Vansetta Qoriyoqubova, ikkinchi turmushidan Lola Rahimova tug‘iladi. Vansettadan Алагезxonim va Aydin ismli qizlar, Loladan Pavel, Tamara, Nargiz ismli qizlar dunyoga keladi. Bugungi kunda xonimning nevaralari orasidan faqat Алагезxonimning Tamaraxonim uy-muzeyi bilan aloqasi bor, lekin Rossiyada yashaydi. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Tamaraxonim yashagan xonadon: oshxona, mehmonxona, hovli

Katta zaldan xonim yashagan xonadoniga kiriladi. Bu yerda oshxona, mehmonxona, yotoqxona joylashgan. Tamaraxonim tabiat va gullarni sevganidan kichkinagina hovlisida basseyn qildirgan va atrofida gullar ekkan. Xonim foydalangan oshxona esa ichidagi jihozlari bilan saqlanib qolgan.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Ushbu nimqorong‘u dahlizda xonimning original fotosuratlar saqlanadi. Ular orasida xonimning hindistonlik mashhur aktyor Raj Kapur bilan tushgan fotosuratlari e’tiborni tortadi. “Mening hayotim” kitobida Kapur haqidagi xotiralar ham keltirilgan.

“Hindiston san’atining ko‘plab vakillari bilan qariyb 30 yil avval boshlangan do‘stlik hech qachon uzilmagan. Mening eng yaqin do‘stlarim, ko‘proq o‘rtoqlarim — Raj Kapur, uning onasi, otasi Sovet Ittifoqiga tez-tez kelardi. Xalqaro kinofestival O‘zbekistonda o‘tkazilganligi sababli ular Toshkentga muntazam tashrif buyura boshladi. Bizning uchrashuvlarimiz har doim katta konsert bilan yakunlanardi”, — deb yozadi xonim.

muzey, мuҳиддин қориёқuбов, раж капuр, raqs, тамараxonim, фоtoрепортаж

Tamaraxonim Raj Kapur bilan. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Xonimning vafoti

1991-yil 28-iyunida Tamaraxonimning tobi qochgani uchun kasalxonaga olib ketishadi. Ertasiga u tushlikdan so‘ng vafot etadi — xonim aorta tomiri yorilib, kuchli qon ketishi natijasida hushini yo‘qotadi va boshqa ko‘zini ochmaydi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

Keyingi kun tongida muzeyning katta zalida qarindoshlar va yaqin do‘stlar yig‘iladi. Xonimni ertasi kuni dafn etishga qaror qilishadi — ular Moskva va Sankt-Peterburgdan qarindoshlar kelishini kutishadi.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”.

1991-yil 2-iyul kuni esa rasmiy matbuotda O‘zbekiston rahbariyati, xususan, prezident Islom Karimov nomidan Tamaraxonim vafoti munosabati bilan ta’ziya e’lon qilinadi.