Toshkentda 2-aprel, yakshanba kuni tushdan keyin davomli momaqaldiroqlar sodir bo‘ldi va ayrim joylarda do‘l yog‘di. Uning ortidan kuchli yomg‘ir ham yog‘ib o‘tdi.

Poytaxt aholisi ijtimoiy tarmoqlarda jala ortidan shahar ko‘chalari, tunnellar va metro bekatlari suv bilan to‘lgani aks etgan video va fotolarni joyladi.

yomg‘ir va do‘l, suv босди, тошкент
Foto: Ijtimoiy tarmoq


Tarqalgan videolarda Toshkent metropolitenining “Amir Temur xiyoboni” bekatiga ham suv tushayotganini ko‘rish mumkin.

Metropoliten matbuot xizmati holat yuzasidan izoh berib, bunga maxsus irrigatsiya, ya’ni suv ketish yo‘llari (ariqlar) to‘lib qolgani va buning natijasida yomg‘ir suvlari bekatga tusha boshlaganini sabab qilib ko‘rsatdi.

“Bu holat mas’ullar tomonidan bartaraf etilgan va poyezdlar harakatiga hech qanday to‘sqinlik hosil qilmagan”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet xizmati agentligi dam olish kunlari, xususan, 2-aprel sanasida respublikaning ayrim hududlarida qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi, ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi hamda do‘l yog‘ishidan ogohlantirgandi.