Energetika vazirligi matbuot xizmati xududlarda tadbirkorlarning tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishgani borasida ma’lumot berdi.

Xususan, 13−29-mart kunlari “O‘zenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda Toshkentda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida tadbirkorlik subyektlariga qarashli 4 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi (AGTKSH) tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.

Mazkur noqonuniy holatlar natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan umumiy zarar miqdori 7,1 mlrd so‘mni tashkil etgan. Jumladan quyidagi zapravkalarda davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori:

  • Yunusobod tumanida joylashgan AGTKSHda 2,372 mlrd so‘mlik;
  • Sergeli tumanida joylashgan AGTKSHda 1,728 mlrd so‘mlik;
  • Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan AGTKSHda 1,607 mlrd so‘mlik;
  • Uchtepa tumanida joylashgan AGTKSHda 1,392 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, Farg‘ona viloyatida mart oyi davomida 6 ta ulgurji iste’molchi tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, gaz ta’minoti korxonasiga yetkazilgan umumiy zarar miqdori 18,352 mlrd so‘mni tashkil etgan.

Jumladan, Farg‘ona shahrida joylashgan xususiy korxonaga qarashli ohak ishlab chiqarish sexida hech qanday hujjatlarsiz 18,314 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Hozirda yuqoridagi holatlar bo‘yicha qoidabuzarlarga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonuniy baho berilmoqda.