Ba’zida kino ko‘rging keladiyu, lekin nima ko‘rishni bilmaysan: kinodan ko‘pi bormi? Lekin bir tavsiya bo‘lsayu, unga ishonib, tomoshani boshlasang. “Gazeta.uz” mushtariylarning dam olish kunlari mazmunli o‘tishiga ko‘maklashish niyatida “Nima ko‘ramiz?” loyihasini davom ettiradi. Kino ijodkorlari, ssenariynavislar, yozuvchi va shoirlar, jurnalist va blogerlar, jamoat faollaridan har hafta “Nima ko‘ramiz?” degan savolga javob olamiz. Maqsad — kinoning yaxshisini ko‘raylik, vaqtimiz behuda ketmasin.

“Nima ko‘ramiz?” loyihasining bu galgi mehmoni — bloger A’zam Qahramoniy.

So‘nggi vaqtlarda ko‘rilgan (asosan yangi) filmlardan tavsiyalar

“Dunyodagi eng yomon odam”

“Verdens verste menneske”, 2021

Norvegiyalik rejissyor Yoakim Triyerning ushbu filmi zamonaviy jamiyatdagi insonning krizisi, shu jamiyatdagi oila va sevgi tushunchalarining qayta ko‘rib chiqilishi haqida. Hozir iqtisodiy o‘sish, globallashuv ta’sirida Toshkentning o‘zida ham 20−35 yoshlilarning shunday qatlami shakllanyapti, bu filmda ular ko‘plab savollarga javob olishlari, hech bo‘lmasa savollarini aniqlashtirib olishlari mumkin.

“Cheburashka”, 2022

So‘nggi yillarda rossiyalik kinematograflar o‘tmishdagi ko‘plab mashhur (asosan komediya janridagi) filmlarning remeyklarini oldi, lekin ularning hech biri original film muvaffaqiyatini takrorlay olmadi. Ammo “Cheburashka” (uni to‘laqonli remeyk ham deb bo‘lmasa-da) bu borada istisno. Dastlabki kadrlardan, ilk 10 daqiqaning o‘zidayoq siz navbatdagi muvaffaqiyatsiz remeykni emas, balki yaxshi ishlangan filmni ko‘rayotganingizni his qilasiz.

Ustozimiz Yolqin To‘ychiyev “so‘z — bu eng oxirgi harakat” degandi. Ya’ni, hamma narsani harakatlar vositasida ko‘rsatib berish kerak va tushuntirish uchun boshqa imkon qolmasagina so‘zga murojaat qilasan. Bu jihat rejissura darajasini ham belgilab beradi va “Cheburashka"da bu narsani yaqqol ko‘rishimiz mumkin: kinoning boshidagi 10 daqiqada umuman gapirilmaydi, hamma narsa harakatlar bilan ko‘rsatib beriladi. Oilaviy ko‘rib, dam olish mumkin bo‘lgan yaxshi film.

“Oxirgi duel”

The Last Duel, 2021

Ridli Skottning “Oxirgi dueli"ini bir yilcha avval do‘stlarimiz bilan yig‘ilib, birga tomosha qilgandik. Jang sahnalari ko‘pligi uchun xuddi UFC musobaqasiga guvohi bo‘layotgandek, u yoki bu qahramonga muxlislik qilib, ko‘rgandik. Film salb yurishlari davri va hammamizga juda ham tanish bo‘lgan qadriyatlar haqida. Filmdagi voqealar — Normandiyadami, Fransiyadami — qayerda yuz berishidan qat’i nazar (aytgancha, film haqiqatda bo‘lgan voqealar asosida suratga olingan), unda har bir o‘zbekning yuragigacha kirib boradigan muammolar ko‘tarilgan. Shu bois mazkur filmni hech begonasiramay, bemalol ko‘rsa bo‘ladi.

Hamma ko‘rishi tavsiya etiladigan filmlar o‘nligi

Ochig‘i, filmlarni qanday tasniflashni bilmadim. Ba’zi filmlar vaqtichog‘lik uchun yaxshi bo‘lsa, boshqalari esa dunyoqarashni kengaytirishga yaxshi xizmat qiladi. Yana uchinchi bir turkum filmlar borki, ular yuqorida sanalgan har ikki vazifani ham birdek uddalaydi. Shu bois tavsiya qilmoqchi bo‘lgan filmlarimni vaznlarga — o‘ta yengildan o‘ta og‘irgacha — ajratdim. Bunda filmni xazm qilish qanchalik oson-murakkabligi, ularni zavq bilan tomosha qilish uchun zamon va makon haqida qanchalik bilimga ega bo‘lish zarurligini imkon qadar hisobga oldim.

O‘ta yengil vazn:

  • Jannati bolalar” (1997) — eronlik rejissyor Majid Majidiyning bu filmi haqida amerikalik mashhur kinotanqidchi Rojer Ebert: “Bolalar uchun, ayniqsa, taltayib ketgan amerikalik bolalar uchun ideal film”, deb yozgandi. Madaniyatlar o‘xshashligi bois bu filmni xuddi o‘zbeklar uchun olingandek tomosha qilasiz. Oila davrasida ko‘rishga arziydi — ota-onangiz, doda-buvilaringiz bilan birga ko‘rsangiz, ularning duosiga qolasiz.
  • “Maftunkor lazzat” (“The hundred foot journey”, 2014) — bizga tanish qadriyatlar va holatlar haqida miriqib tomosha qilinadigan yana bir film. Hammasi bir hind oilasi Fransiyaning Provans viloyatiga borib qolishidan boshlanadi. Darvoqe, u yerda ishtahaochar sahnalar juda ko‘p — taom va yeguliklar haqidagi eng go‘zal filmlardan biri.

Yengil vazn:

  • Xazinalar sayyorasi” (“Treasure Planet”, 2002) — biroz eksperimentalligi sabab ko‘pincha e’tibordan chetda qoladigan bu Disney filmini albatta ko‘rish kerak. Ko‘pchiligimizga “Xazinalar oroli” kitobidan tanish bo‘lgan syujet mutlaqo kutilmagan, yangicha ranglarda jilolangan.
  • “Ozchilik hisoboti” (“Minority Report”, 2002) — ishdan charchab kelgan kuning nimqorong‘i xonada ko‘riladigan detektiv, ilmiy fantastika, mistika. Stiven Spilbergning bu filmi ilmiy fantastika va kiberpank janrlariga yangi nafas olib kira olganiga qaramay, negadir asossiz ravishda kamdan-kam esga olinadi.

O‘rta vazn:

  • “Tushlar fani” (“La science des rêves”, 2006) — Mishel Gondrining bu kartinasi pragmatik yoki jangari filmlar ixlosmandlarini biroz zeriktirib qo‘yishi mumkin, lekin orzumand, xayolparastroq odamlarga yoqadi. Bosh rol ijrochisi Gael Bernal sevimli aktyorlarimdan. Ko‘rishga arzigulik film.
  • “Jeki ayollar saltanatida” (“Jacky au royaume des filles”, 2014) — fransuz komediyasi an’analarida suratga olingan satira. Bir tasavvur qilib ko‘ring — bu filmda ayollar va erkaklarning roli teskari bo‘lganida qanday bo‘lardi?
  • “Uch rang: Qizil” (“Three Color: Red”, 1994) — kinoni chin ko‘ngildan sevgan, ammo qisqa umr ko‘rgani uchun filmlari ham kam bo‘lgan Kshishtof Keslyovskiy film. “Uch rang” — trilogiya, uchalasi ham ko‘rishga arzigulik, lekin “Qizil"ni Keslyovskiyning eng go‘zal filmlaridan biri bo‘lgani uchun alohida tanladim.
  • “Qat'iyat” (“Whiplash”, 2014) — bu filmsiz ro‘yxat to‘liq bo‘lmasdi. Ba’zida tanishlarimdan shunday mazmundagi gap eshitib qolaman: “Men motivatsiya olish uchun uch-to‘rt oyda bir “Whiplash” ko‘raman”. Men ham shu fikrga qo‘shilaman. Demen Shazell qanday qilib bunday ideal film olganiga aql bovar qilmaydi.

O‘rta og‘ir vazn:

  • “Serpiko” (“Serpico”, 1973) — AQShdagi 1970-yillardagi vaziyat, ijtimoiy muammolar haqida. Bu o‘ringa “Dog Day Afternoon“ni ham qo‘yish mumkin edi — unisini ham, bunisini ham Sidney Lyumet suratga olgan, unisida ham, bunisida ham Al Pachino aksariyat o‘zbek tomoshabiniga notanish bir obrazni gavdalantirgan. Dahshat!
  • “Roma” (“Roma”, 2018) — o‘zingizni bo‘sh qo‘ying, hech qayerga shoshmang, dunyo tashvishlarini unuting va Mexikodagi yarim hindu qizning hayotini sinchkovlik bilan kuzatishga tayyorlaning. Shuningdek, muallifi Alfonso Kuaron bo‘lgan bir olam go‘zallik va estetika zarbiga ham tayyor turing. Film oq-qora tasvirda olingan — hayron bo‘lib yurmanglar tag‘in.

Eng og‘ir vazn:

  • “Oq lenta” (“Das weiße Band”, 2009) — rejissyor Mixael Xaneke inson dunyodagi eng jirkanch va qo‘rqinchli mavjudot ekanini bir qishloq misolida ko‘rsatib, isbotlab bergan;
  • “Taksi haydovchisi” (“Taxi Driver”, 1976) — bu kino rejissyor Sarvar Karimovning eng sevimli filmi ekanini bir necha yil avval bilib qolgandim. Uni o‘z tavsiyalari orasiga qo‘shmabdilar, bunga men jazm qildim — shu film shu yerda tursin.
  • “Arabistonlik Lourens” (“Lawrence of Arabia”, 1962) — Birinchi Jahon urushi davridagi Arabiston yarim oroli, minglab arab va bir britaniyalik. Bu filmni birinchi marta 16 yoshimda yig‘lab ko‘rgandim — o‘smirlarga boshqacharoq ta’sir qilsa kerak. Oliy maqsad sari intilishni zo‘r ko‘rsatib buyuk filmlardan.

“Shu kinoni ko‘rib nima qilasan?!” vazni:

  • “Pianino o‘qituvchisi” (“La Pianiste”, 2001) — yana Xaneke va yana inson ongini kavlaymiz. Bu film har birimizga psixoterapevt kerakligi haqida. Ogohlantirib qo‘yay — bu filmni ko‘rmang. Tag‘in ham o‘zingiz bilasiz.
  • “Qulagan farishtalar” (“Fallen Angels”, 1995) — ko‘pchilik Vong Kar-vayni “Sevgi kayfiyati” orqali biladi, lekin meni uning “Farishtalari"ni tavsiya qilgan bo‘lardim. Ko‘zlar uchun ishlangan, montaj va operatorlik ishida novatorlikka to‘la, Hongkong degan Osiyo Nyu-Yorki ham borligini bildiruvchi film. Lekin undan ko‘p narsa kutmang — shunchaki o‘zingizni bo‘sh qo‘ying va tomosha qiling.