Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari Toshkent shahrida mart oyida xonadonlar uchun ijara narxlarining o‘zgarishini tahlil qildi, natijalar narxlar pasayishda davom etayotganini ko‘rsatgan.

Poytaxtda 2022-yilda xonadonlar uchun ijara narxlari o‘sa boshlagan va oktabr oyiga kelib, o‘zining eng yuqori nuqtasiga chiqqan, so‘ngra pasaya boshlagandi.

OLX.uz ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, o‘shanda shahar bo‘yicha o‘rtacha ta’mirlangan xonadon uchun ijara narxi 526 dollarga chiqqandi. 2023-yilning mart oyida ijara uchun o‘rtacha narxlar fevral oyidagiga nisbatan 2% ga pasaygan va 411 dollarni tashkil etgan.

O‘rtacha ta’mirlangan 2 xonali uy uchun ijara narxi 340 dollardan (Sergeli) 460 dollargacha (Yakkasaroy) o‘zgargan holda Toshkent shahri uchun o‘rtacha 411 dollarni tashkil etgan. 3 xonali uylar uchun esa narxlar 380 dollardan (Sergeli) 600 dollargacha (Mirobod) o‘zgargan holda Toshkent shahri uchun o‘rtacha 480 dollarni tashkil etgan. Ta’mirlangan 1 xonali uy uchun o‘rtacha ijara narxi 320 dollarni, 4 xonali uy uchun 600 dollarni, 5 xonali uy uchun 660 dollarni tashkil etgan.

Ushbu tahlil uchun ma’lumotlar OLX.uz saytidan veb-skreping (web-scraping) usuli yordamida olingan. 2023-yil mart oyi uchun to‘plangan 30,5 mingta kuzatuvlar o‘rganilgan.