Donald Tramp AQShning sudda rasman jinoiy ish ochilgan birinchi sobiq prezidentiga aylandi. Payshanba kuni Manxettendagi Katta hakamlar hay’ati bunga ovoz berdi, deya xabar bermoqda BBC.

Bu yangilikni birinchi bo‘lib Amerika gazetalari xabar qildi va uch soatdan keyingina uni Manxetten okrugi prokurori Alvin Bregg idorasi tasdiqladi. U yanvar oyida Trampni sudga keltirish yoki keltirmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun Katta hakamlar hay’atini chaqirgandi.

Mazkur ish Trampga qarshi qilingan bir nechta tergovlarning biridir. Bu pornoyulduz Stormi Denielsga (Stefani Kliffords) sukut saqlashi uchun pul to‘lash bilan bog‘liq.

Ish materiallariga ko‘ra, 2016-yilgi saylovlar oldidan Tramp advokat orqali unga o‘n yil avvalgi munosabatlari haqida jim turishi uchun 130 ming dollar to‘lagan.

To‘lov noqonuniy emasdi, biroq Tramp va uning advokati qilgan ish Nyu-York shtatida soxta hisobot sifatida qabul qilinadigan va qonunga muvofiq jazolanadigan yuridik xizmatlar uchun birinchi to‘lov sifatida belgilagan.

Advokat Maykl Koen 2018-yilda uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq o‘sha paytda prezident bo‘lgan Trampga rasman ayblov qo‘yilmagan.

Trampga qarshi ochiladigan ayblovning tafsilotlari hozircha oshkor etilmadi.

Floridada yashovchi Trampga Nyu-Yorkdagi sudga kelishga buyruq berilishi, u o‘sha yerda rasman hibsga olinishi mumkin, deb yozadi BBC.

Sobiq prezidentning o‘zi aybiga iqror emas, u demokrat prokuror Alvin Breggni “bu kabi qabih ishlarni [amaldagi prezident] Jo Bayden foydasi uchun qilganlikda” aybladi.

Stormi Deniels ishi Trampga qarshi boshqa ayblovlar kabi uning yana prezidentlikka nomzod bo‘lish rejalariga ta’sir qilishi mumkin ekani aytilgan.