“Bolaga kitob bering!” deymizu, nega aqli, dunyoqarashini boyitadigan, yoshiga mos badiiy, ilmiy-ommabop, suratli va boshqa mazmundagi adabiyotlar chop etilishida sustmiz? 2021-yili noshir Sanjar Nazar bilan bo‘lgan suhbatda O‘zbekistonda bolalar nashri uchun birorta imtiyoz yo‘qligi, qo‘shimcha soliq yuki, moliyaviy muammolar rang-barang adabiyotlarni chiqarishga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidlangandi.

Bir necha kun oldin noshir bilan qayta bog‘lanib, “O‘tgan vaqt orasi sohada qandaydir o‘zgarish, yangilik bo‘ldimi? Siz sanagan muammolar sal bo‘lsa-da yechimini topdimi?” deb so‘radim. “Yo‘q, hammasi o‘sha-o‘sha!”, degan javob yangradi. To‘g‘ri, muammolarimiz ko‘p, biroq shuncha vaqt orasi bolalar adabiyotidagi muammolarning barini bo‘lmasa-da, ko‘zga ko‘rinarli, yiriklarini yechishga nahot imkon bo‘lmadi, degan savol ham bor.

“Barini bilamiz, lekin hech nima qilmaymiz!”

Angliyada yashab ijod qiladigan bolalar yozuvchisi S.F. Said: “Bolalar adabiyoti yosh kitobxonga chinakamiga ta’sir ko‘rsata olishiga astoydil ishonaman. Ular bizni manguga shakllantiradigan kitoblardir. Qadimgi afsonalardek katta-katta savollarni o‘rtaga qo‘yadi: ‘Kimmiz? Qayerdan paydo bo‘lganmiz? Kimga tegishlimiz? Qanday yashashimiz kerak?ʼ”, deydi. Sakkiz yildan beri Germaniyada yashayotgan va bolalar uchun “Quyoshli tong” kitobini yozgan Citora Usmonova: “Bu yerda hammasi boshqacha: bolalar kitobni sevishni ota-onadan o‘rganishsa, uni o‘qib-tushunishni bog‘cha va maktabda boshlashadi. Germaniya shaharlarining deyarli har bir dahasida katta-kichik kutubxonalar va bolalar kitob do‘konlarini yangisidan tortib “second hand”igacha uchratish mumkin. Buni yana Belgiya, Fransiya va Avstriyada ham qat’iy talab ekanini kuzatdim”, deya Yevropada bolalar adabiyotiga e’tibor qandayligini tasvirlaydi.

Mayli, bizda kitob do‘koni va kutubxonalarimiz dunyo bilan bo‘ylashgulik darajada bo‘lmasin. Serhasham qiroatxonadan avval bolalar yoshi, talabi, qiziqishiga mos nechta va qanday kitoblar chiqarilayotgani muhimroq. Bir yilda nechta nom va adadda shunday asarlar nashr etilmoqda? Bolalarni o‘ylantiradigan, tinimsiz savol yog‘dirishiga sababchi bo‘layotgan asarlar yaratilyaptimi? Yozuvchilar uyushmasining Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashining 2022-yildagi faoliyati tahlilida na bir tahlil, na statistik ma’lumot va na bir yil davomida chop etilgan asarlar nomi keltirilgan. Oxirgi yillari chop etilgan “Galaktikada bir kun”, “Koinot javohiri”, “Buvamning oshqozonidagi mamlakat”, “Tug‘ilgan kunimga sovg‘a”, “Ajoyib kaktus”, “Quyoshning sirli botishi” kabi o‘quvchilarini topgan kitoblar haqida bir jumla ham topilmaydi.

2022-yili O‘zbekistonda nechta nomdagi bolalar adabiyoti chop etilgani va ularning umumiy adadini bilish maqsadida Statistika agentligidan so‘ralganda, tashkilotda buning raqami yuritilmasligi va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA)ga bog‘lanish kerakligi aytildi. AOKA mas’ul xodimi esa ularda ancha yildan beri bunday hisobot shakllantirilmasligi, shunday hisobot zarur bo‘lsa, xodim nashriyotlarga so‘rov yuborishi va undan keyin aniq javob bera olishini ma’lum qildi. “Umumiy hisobda, chop etilayotgan kitoblarning 30 foizi bolalar adabiyoti hissasiga to‘g‘ri keladi”, deya qo‘shimcha qildi mas’ul xodim suhbat so‘ngida.

Bundan tashqari, o‘zbek bolalar adabiyoti hisoboti va tarjima asarlar bo‘yicha Yozuvchilar uyushmasining Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashida ham ma’lumotlar to‘planishi bildirildi. Ushbu kengash raisi Orif To‘xtashga bog‘langanda, bu masalada aniq raqamlar jamlanmasligi, qaysi bolalar yozuvchisi yoki shoirining chop ettirgan asari kengashga ma’lum bo‘lsa, ana o‘shalar hisobotlarga kiritilishini ta’kidladi. To‘liq va batafsil ma’lumot yo‘qligi xususiy nashriyotlarning ko‘payib ketayotgani va nazoratning yo‘qligi bilan izohlandi.

Wordsrated ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yili dunyo bo‘ylab 250,7 mln adadda bolalarga mo‘ljallangan kitob sotilgan, shu yili Amerikaning kitob savdosidagi 32,8 foiz ulushi bolalar adabiyotiga tegishli. Kelasi yili AQSh bolalar kitob bozori hajmi 2,62 mlrd dollarga yetishi taxmini bor. 2026-yilga borib butun dunyo bolalar kitobi bozori hajmi 13,02 mlrd dollarni tashkil etishiga umid qilinmoqda. Biroq bu raqamlar ko‘payishiga O‘zbekiston ham hissa qo‘shadimi-yo‘qmi — noma’lum.

Janubiy Koreyada yashab, o‘zbek bolalariga bir nechta kitoblarni tuhfa etgan yozuvchi Dinara Mo‘minovaning aytishicha, “O‘zbekistondagi bolalar adabiyoti soni shu qadar kamki, ularni na tasniflay olamiz, na bola yoshiga qarab ajratamiz, na mavzularga bo‘la olamiz. Hatto mualliflarni saralay olmaymiz. Yaqinda Toshkentdagi bir xususiy universitetdagi ochiq darsda qatnashdim. Birinchi kurs talabalaridan bolalar adabiyoti deganda xayolingizga eng avval qaysi asarlar keladi deb so‘rasamular „Kichkina shahzoda“, „Zumrad va Qimmat“ deb javob berdi. Sababi aniq: bugun kitob do‘konlarida bolalar uchun asosan folklor yoki sifatsiz tarjima kitoblargina mavjud”.

Janubiy Koreyada yashab ijod qilayotgan Dinara Mo‘minovaning 2022-yili O‘zbekistonda chop etilgan uch kitobi. Foto: “Akademnashr”Janubiy Koreyada yashab ijod qilayotgan Dinara Mo‘minovaning 2022-yili O‘zbekistonda chop etilgan uch kitobi. Foto: “Akademnashr”

Nega ayni shu masalaga kelganda og‘irkarvon bo‘lib qolishimiz va ko‘pincha loqayd qarashimizni bolalar yozuvchisi Sa’dullo Quronov quyidagicha izohlaydi: “Bizda bolalar adabiyoti, umuman, bolalar kitobxonligi, matnni o‘qib uni tushunish darajasi juda-juda past. Eng qizig‘i, buni mutaxassislar ham, ziyolilar ham yaxshi bilgani holda, bolalar adabiyotidagi muammoni aniq — obyektiv baholay olmaydi. Nega desangiz, bizda na baholash mezonlari va na vositalari mavjud. Shunchaki, ahvolimiz yomonligini, kasalimiz og‘irligini bilamiz, xolos”.

Sa’dullo Quronovning alohida ta’kidlashicha, bolalar adabiyotini ham ilmiy tadqiqotlarsiz rivojlantirish imkonsiz. “Doim aytaman — bolalar adabiyotining rivoji faqat yozuvchi va noshirga bog‘liq emas. Bu muammo kompleksli, unga yechim topish uchun malakali tilshunos, ruhshunos, adabiyotshunoslar ko‘magi zarur. Hozir har bir mikrohududda kichik kutubxona ochib, ichini kitob bilan to‘ldirib yuborsak ham muammo deyarli yechilmay qolaveradi. Sababi biz, avvalo, kitobxonlik madaniyatini, bolalarda matnni o‘qib tushunish ko‘nikmasini shakllantirib olishimiz zarur”.

Dinara Mo‘minova esa holatni boshqa rakursdan kuzatganini, talab va taklif o‘rtasidagi muvozanat buzilganini bayon etadi: “Eng alamlisi, kitoblarim O‘zbekistondan ko‘ra Amazon platformasi orqali ko‘proq nashr etilgan va sotilgan. Hatto o‘zlarida turli-tuman kitoblar bo‘lishiga qaramay, Amerika, Yevropa, Kanadada yashaydiganlar ham kitoblarimni sotib olishadi. O‘zbekistonda 4 ta kitobim 3000 donadan chop etildi va hali ham sotib tugallangani yo‘q. Qarasam, 10 mingga yaqin umumta’lim muassasasi va 8000 ga yaqin maktabgacha ta’lim tashkiloti bor ekan. Shularning nechtasi yangi chiqayotgan kitoblardan sotib olmoqda?”.

Citora Usmonova esa Germaniyadagi bog‘chalarda nafaqat bolalarga kitob o‘qib berilishini, balki har bir bola o‘z kitobini yasashi mumkinligini ham misol qilib keltiradi: “Bog‘chalarda tarbiyachilar bolalarga har hafta kitob o‘qib beradi. Biz ota-onalar buni qo‘llab-quvvatlaymiz va yangi kitoblarni sovg‘a qilib turamiz. Yaqinda bog‘chamiz ma’muriyatidan 23-aprel — Butunjahon kitob kuniga bag‘ishlab bolalar o‘z kitoblarini yasashi mashg‘uloti rejalashtirilayotgani, buning uchun 1 dona qattiq qog‘oz berib yuborishimiz kerakligi haqida ma’lumot oldik. Bu, menimcha, har qaysi ota-onani quvontiradigan mashg‘ulot”.

O‘zbek noshirchiligida bolalar kitobini chop etishda asosiy muammolardan biri qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) ekanini yozuvchilar ham alohida urg‘u qo‘yadi. “Kitoblarimda bolalar muammosini ularning qarashi bilan ochib berishga harakat qilaman. Shulardan biri „Sumalak“ haqidagi kitobim. Amazon’da bahor kelishi bilan sotuvi ortgan. Lekin o‘zbek bolajonlariga yetgani yo‘q hali. Chunki O‘zbekistonda kitob nashr qilish oson ish emas. Rivojlangan mamlakatlarda bolalar adabiyoti nashri uchun QQS 0 foiz yoki kamaytirilgan paytda bizda u umumiy QQS bilan bir xil holatda”, deydi Dinara Mo‘minova.

Yosh chegarasini kim belgilaydi — muallif, muharrir yoki ota-ona?

O‘zbekistonda bolalar adabiyotini tadqiq qiladigan, uning rivojlanishi va istiqboliga oid xulosalarni beradigan mutaxassislar, tadqiqotchilar kam. Bu ishni ham yozuvchilar o‘z zimmasiga olishga majbur. Sa’dullo Quronov bu masalada qilinadigan harakatni eng avval kitoblarni yosh kategoriyasiga ajratishdan boshlash zarur deb biladi.

“Bolalar uchun yozilgan matn ularning yoshi, ruhiyati va tilni tushunish darajasiga muvofiq bo‘lmas ekan, barcha harakatlar behuda ketaveradi. Chunki bolalar adabiyotida yosh kategoriyasini to‘g‘ri belgilash va matnning o‘qishlilik darajasini aniqlash juda muhim. Negaki, biz 8 yoshli bolaga 12 yoshli bolaning kitobini tutqazayotgan bo‘lishimiz mumkin. Bola bu kitobni o‘qishga ham, tushunishga ham qiynaladi. Buning chorasi — asarni 0+, 3+, 6+ kabi yosh kategoriyalari belgilanishi shart. Endi o‘ylab ko‘ring, bizda yosh kategoriyalari qaysi mezonlar asosida belgilanadi? Muallif yoki muharrirning shaxsiy, subyektiv tajribasidan boshqa mezon yo‘q. Aslida, buni belgilash uchun tilshunoslar ilmiy tadqiqot o‘tkazishi, gap va matn qurilishining murakkabliklarini aniqlashi, turli yoshdagi bolalarda tajribalar o‘tkazib, qaysi so‘z qay yoshdagi bolaning tushunish darajasiga mosligini belgilab berishi zarur”, — deydi u.

Yosh kategoriyasining belgilanishi bolani kelgusida kitobga qiziqtirishda juda muhim. Uning yoshi va qiziqishiga mosi ilmiy-tadqiqot xulosalari asosida belgilangan mezonlarda aniqlanadi. Yoshni belgilashda xorijda talab va mezonlar ishlab chiqilgan. Ijtimoiy loyiha sifatida yaratilgan va bolalaru kattalarni kitob yozishga ilhomlantiradigan Journey to Kidlit platformasi bolalar adabiyotining yosh chegarasini tasniflab chiqqan.

Masalan, 0−3 yosh orasi uchun kitobdagi so‘z 100 tadan oshmasligi shart. Ba’zan kitob matn emas, suratlardan iborat bo‘lishi ham mumkin. 3−8 yosh uchun 250−1000 ta so‘zdan oshmagan asar talab etiladi. Bunda ham matndan ko‘ra surat “so‘zlashi”ga ko‘proq urg‘u qaratiladi. 5−9 yoshdagilar “ilk kitobxon” sanalib, ularga atalgani 1500−2000 ta so‘z, 6−10 yosh uchun 8,5−12 mingta so‘z bo‘lishi kerak. 8−12 yosh orasiga 25−50 mingta so‘zdan iborat asar yoziladi, odatda.

Sa’dullo Quronovning “Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik qissasining davomi — “Koinot javohiri” kitobi. Foto: “Akademnashr”Sa’dullo Quronovning “Galaktikada bir kun” ilmiy-fantastik qissasining davomi — “Koinot javohiri” kitobi. Foto: “Akademnashr”

Bolaning psixologik-emotsional holatini tasvirlash va unga zarur bilimni berishda yosh chegarasini aniqlash muhimligi uchun Dinara Mo‘minova haqli savolni o‘rtaga tashlaydi: “Yaqinda yaponiyalik yozuvchi Kenjiro Haitanining „A Rabbit’s Eyes“ degan 10−12 yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan kitobini o‘qidim. Asarning bir qismida ijtimoiy-ekologik muammo va ular orasida o‘sayotgan bolalar dardi ko‘rsatilgan, qiziqarli zoologik ma’lumotlar berilgan bo‘lsa, ikkinchi tarafda har bir inson go‘yo olmos ekani, unga kerakli ishlovni berish kifoya ekani tasvirlangan. Shu yoshdagi bola o‘ziga keraklisini olmay qo‘ymaydi”, — deydi u.

“Bir savol qiynaydi meni: bizda bolalarning psixologik ehtiyojlarini qondira oladigan adabiyotlar bormi? Ota-onasi janjallashayotgan bolaning qalbidan nimalar o‘tishini aks ettirgan kitob, otasi muhojirlikda yurgan yoki nogironligi bor bolaga ruhiy madad beradigan, maktabda kamsitilib, masxara qilinadigan o‘quvchining ko‘nglini yoritadigan, bog‘chada o‘yinchog‘ini oldirib qo‘ygan bolaning dardi haqidagi kitoblar bormi?”, — deya ta’kidlaydi Dinara Mo‘minova.

U bolalar psixologiyasi, neyropsixologiya, psixoterapiya keskin rivojlangan hozirgi davrda ularning psixologik muammolarini ko‘rsatib beruvchi o‘zbek tilida biror kitob yo‘q, deb hisoblaydi. “Shularni hisobga olib “Ajoyib kaktus” rasmli kitobimda bullingni, “Tug‘ilgan kunimga sovg‘a”da bolalarning ixtirochiligi va niyati sari intilishi, “Tomchi qayerga ketdi?”ni STEM ta’limiga asoslab, qahramonlar hikoyasini yaratganman””, — deydi u.

Yechim bor, lekin kim bajaradi?

O‘zbek bolalar adabiyotidagi muammolarga yechimni aslida tadqiqotchi, tanqidchi va adabiyotshunoslar ko‘rsatishi kerak. Lekin tanqidchilik misoli ko‘richakdek goh borligini ko‘rsatib, goh jim turgani bois yana yozuvchilarning o‘zi tashabbus ko‘rsatmoqda. Aslida, mutasaddi tashkilot va ilmiy-tadqiqot institutlari zimmasidagi vazifani boshqa najot kemasi bo‘lmagach, yozuvchi bo‘yniga olmoqda.

Sa’dullo Quronov tobora umid kamayayotgan yo‘nalishni o‘zbek tilining izohli va imlo lug‘atiga kiritilgan so‘zlar (so‘zlar banki)ni bolalarning yoshi, tushunish darajasiga muvofiq tarzda tasniflash, bolalar uchun yozilgan matnlarning o‘qishlilik darajasini (readability) aniqlovchi, yosh kategoriyalarini belgilovchi va bunday matnlarni o‘qib tushunishni baholovchi mezonlarni ishlab chiqish orqali qutqarish mumkinligini ta’kidlaydi.

“Bu masalalar dunyoning juda ko‘plab davlatlarida, hatto qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘izistonda ham ishlab chiqilgan. Shu loyihalar amalga oshirilsa, buning asosida maxsus dastur yaratiladi. Dastur matnni tahlil qilib, uning o‘qishlilik darajasini, yosh kategoriyasini avtomatik tarzda aniqlab beradi”, — deydi yozuvchi.

Buni, jumladan, rus tilidagi matnlarni analiz qilib, uning murakkablik darajasini ko‘rsatib beruvchi www.textometr.ru platformasi yordamida ham tasavvur qilib olish mumkin. Sa’dullo Quronovning o‘zi mazkur platformada tajriba tariqasida Nikolay Nosovning “Bilmasvoy bilan do‘stlarining boshidan kechirganlari” asaridan kichik bir parchani tahlilga tortganini aytadi.

Tahlil quyidagicha natijalar bergan:

  • Asar matni murakkablik darajasi bo‘yicha 9−10 yoshdagi bolalarga mos keladi;
  • Flesh formulasiga ko‘ra (matnning o‘qishlilik darajasi — readability) 51 ball oldi;
  • Rus bolalari iste’molida bo‘lgan eng faol 5000 so‘zga 88 foiz mos keladi;
  • Ayrim so‘zlar (“oduvanchik”, “korotыshka”, “margaritka” kabi) shu yoshdagi bolaga notanish bo‘lishi mumkin.

“Endi tasavvur qiling, bizda ham shunday tizim bo‘lsa, bu kitobxonlikni rivojlantirishga qay darajada ta’sir qila oladi? Albatta, men ko‘targan masala bolalar adabiyotidagi muammoning bir uchi xolos. Lekin shunday bo‘lsa-da, nazarimda, yechim topilishi zarur bo‘lgan muammolar ichida eng muhimi”, — deydi Sa’dullo Quronov.

Dinara Mo‘minova esa “bolalar adabiyoti rivojlanishi uchun yagona va kuchli tashkilot kerak”, deb hisoblaydi. “Bolalar adabiyotini janrlarga tasniflash va ularga nom berish, bolalar yozuvchilarini qo‘llab-quvvatlash, kutubxonalarni rivojlantirish (har bir mahallada kamida bitta kutubxona bo‘lishi shart), mualliflik huquqlarini himoya qilish, bolalar adabiyoti bazasini yaratish, sohani o‘rganish va rivojlantirishda psixolog-ekspertlar bilan hamkorlik qilish muhim. Bu amaliyotlar bugun bizga hech bo‘lmasa bolalar adabiyoti sohasi tirik qolishi uchun kerak. Ular bizga kamida qanotimizni rostlab olishimizga yordam beradi”, deya qo‘shimcha qiladi u.

Bolasiga qanday manbalar bilan ishlash, uni saralash, tahlil qilish, yolg‘onini rostdan ajratish ko‘nikmasini o‘rgatolmaydigan ota-ona ko‘p. Internetdagi son-sanoqsiz, chig‘iriqdan o‘tmagan axborotni bolaga shundayligicha beradiganlar ham topiladi. O‘g‘il-qizni hayotga tayyorlash, ongli shaxs qilib o‘stirishda tajriba va tarbiyadan tashqari yaxshi, zalvarli kitoblarni o‘qish-uqish zarur. “Bolalar adabiyoti nega kerak?”, degan savol ortiqcha aslida. Chunki bola odamlardan topolmagani, ota-onasi, ustozi o‘rgatmaganini kitobdan oladi, dunyoga munosabatini sevimli ertak qahramonlari, roman-qissalardagi kechinmalar, sarguzashtlar orqali shakllantiradi.

O‘zbek bolalariga “Sariq devni minib”, “Shirin qovunlar mamlakati”, “Dahshatli Meshpolvon”, “Olovjon va uning do‘stlari” va xalq og‘zaki ijodi namunalari bilan birga bugungi kun voqeligiga mos zamonaviy asarlar kerak. Bola turli onlayn manbalarga emas, kitobga mehr qo‘yib ulg‘aygani xayrliroq.