Braziliya va Xitoy qo‘shma kliring palatasi tashkil etilganini e’lon qildi, deb xabar berdi Braziliyaning Folha nashri.

Hisob-kitob kliring palatasi — ikki davlat o‘rtasida milliy valyutada operatsiyalar va kreditlar berish imkonini beruvchi bank muassasasi. Endi davlatlar o‘z valyutalarini AQSh dollariga konvertatsiya qilmasdan turib, transchegaraviy operatsiyalarni bevosita amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi. Bu orqali tranzaksiyalar summasining arzonlashishi va dollarga qaramlik pasayishi kutiladi.

“Braziliya bilan yuanda to‘lov bo‘yicha kelishuv imzolandi, bu savdomizni ancha osonlashtiradi. Biz oziq-ovqat va mineral xomashyo sohasida hamkorlikni kengaytirmoqchimiz, Xitoydan Braziliyaga va Braziliyadan Xitoyga yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini qidiramiz“, — dedi Xitoy savdo vaziri o‘rinbosari Go Tintin.

8-fevral kuni Xitoy Xalq banki va Braziliya Markaziy banki o‘rtasida Xitoy yuanidan foydalangan holda kliring kelishuvlari bo‘yicha memorandum imzolangandi.

Braziliyaning Savdo va investitsiyalarni rivojlantirish agentligi (ApexBrasil)ning ta’kidlashicha, yangi kelishuv “xarajatlarni kamaytiradi, o‘zaro savdoni yanada kengaytiradi va investitsiya kiritishni osonlashtiradi“.

Nashrning yozishicha, Xitoy 2010-yildan beri Braziliyaning eng yirik savdo hamkori hisoblanadi. 2022-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi rekord darajada — 150 milliard dollarga yetgan.