29-mart kuni hukumatning “Gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, boshqa statsionar va uzoq muddatli ambulator davolanishda bo‘lgan bolalarga ta’lim va tarbiya berish tizimini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarori [134-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, boshqa statsionar va uzoq muddatli ambulator davolanishda bo‘lgan bolalar davolanayotgan davlat tibbiyot muassasalarida “Mehrli maktab“ning filiallari 2023−2028-yillarda bosqichma-bosqich, biroq har yili kamida 3 ta hududda tashkil etiladi.

“Filiallarning asosiy maqsadi davolanishda bo‘lgan bolalarning hayotga ijtimoiy moslashuvini, ularning maktabgacha ta’lim hamda umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida ta’limni davom ettirishga tayyorligini ta’minlash xisoblanadi“, — deyiladi qarorda.

“Mehrli maktab“ davlat ta’lim muassasasi Hukumat qarori bilan tashkil etilgan. Maktab yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lib, Xalq ta’limi vazirligi huzurida tashkil etiladi.

Maxsus maktabda quyidagi maktabgacha guruhlar faoliyat ko‘rsatishi mumkin:

  • maktabgacha ta’lim gospital guruhlari — statsionar davolanayotgan, sog‘lig‘i sababli maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bora olmaydigan 2 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun davolash-profilaktika muassasalarida tashkil etilgan guruhlar;
  • ilk rivojlanish yoshidagi bolalarga mo‘ljallangan o‘yin guruhlari — 1,5 yoshdan 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun statsionar davolash-profilaktika muassasalarida tashkil etiladigan guruhlar. Ularda parvarish qilish va nazorat qilish ishlari ota-onalarning faol ishtirokida tashkil etiladi;
  • maktabgacha ta’lim gospital guruhlari, ilk rivojlanish yoshidagi bolalarga mo‘ljallangan o‘yin guruhlari.

Davolanayotganlarni maktabgacha gospital guruhlariga qabul qilish “Mehrli maktab“ tomonidan taqdim etiladigan ro‘yxatlar asosida amalga oshiriladi.

Markazda davolanayotganlar uchun alohida ishlab chiqilgan o‘quv rejasi asosida 1−11-sinflar hajmida umumiy o‘rta ta’lim beriladi. Dars mashg‘ulotining davomiyligi boshlang‘ich ta’lim (maktab)ning 1−4 sinflarda — 35 daqiqa, 5−11 sinflarda — 40 daqiqa bo‘ladi.

Bunda bir kunlik dars mashg‘ulotlari 1−4 sinflarda 3 soatdan, 5−11 sinflarda 4 soatdan oshmasligi belgilab qo‘yilgan. O‘quv haftasi davomiyligi 5 kunlik asosida olib boriladi.