O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov 28 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mamlakatda siyosiy partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi qiyinchiliklarga oid (video) savollarga javob qaytardi, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun kamida sakkizta hududiy subyektda, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqarolarning kamida 20 ming imzosi bo‘lishi kerak.

Savol bergan jurnalistning ta’kidlashicha, so‘nggi paytlarda partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazishga bir necha bor urinishlar bo‘lgan, biroq ular kerakli miqdordagi ovozlarni to‘play olmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, boshqa mamlakatlarda talab qilinadigan ovoz miqdori 20 mingtadan kam. U Adliya vazirligi partiyani ro‘yxatga olish uchun ushbu talabni qayta ko‘rib chiqishni rejalashtiryaptimi, deb so‘radi.

«Bizning nuqtai nazarimizga ko‘ra, 20 ming ko‘p emas. Bu aholining necha foizini tashkil qiladi? Agar aholi 36 million kishi bo‘lsa, bu 1 foizdan kam. Bu juda kam, bu normal. Boshqa davlatlarning ham tajribasini o‘rganganmiz. Ularda ham biznikidan keskin farq qilmaydi. Tasavvur qiling, har 5000 yoki 10 000 odam partiya ochsa, qancha partiya bo‘lib ketadi? Saylov varog‘iga ham yetmaydi. Shuning uchun bunday to‘siqlar bor», — dedi vazir.

Uning ta’kidlashicha, partiya aholining ko‘pchiligi manfaatlarini, ularning siyosiy-huquqiy qarashlarini ko‘rsatadigan tashkilot, shuning uchun «butun dunyoda [imzolar] soniga cheklovlar mavjud».

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Adliya vazirligiga partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha so‘rovlar kelib tushmagan. «Qonunchilikdagi tartib va talablarga rioya qilish kerak… 20 ming odamni birlashtirsin, hech qanday masala yo‘q. Ularning imzosini to‘plash kerak. Imzolar qonuniy bo‘lishi kerak», — deydi Akbar Toshqulov.

2021 yil iyun oyida Adliya vazirligi tomonidan imzolar yetarli emasligi hamda siyosiy partiyalar va nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunlar talablari buzilgani sababli «Haqiqat va taraqqiyot» sotsial-demokratik partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish rad etilgan edi. Partiya o‘shanda 9,8 ming imzo yiqqan.

Munosabat

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov o‘z munosabatida adliya vazirining pozitsiyasini «to‘liq avtoritar» deb atadi.

«O‘zbekistonda, mana o‘ttiz yildirki, rasman besh partiyali, de-fakto, bir partiyali tizim. Bir partiyali deyishimning sababi partiyalar o‘zaro ham kurashmaydi, hukumatni-ku umuman tergay olmaydi», — deydi u.

«Har bitta siyosiy tizimning fundamental falsafasi bo‘ladi», — dedi ekspert.

«Partiyalarning ko‘p va faol bo‘lishi — xalq davlatni, parlamentni va ijroiya hokimiyatini boshqaryapti degani. Partiyalar tuzish qiyinlashtirilganmi, demak, bu yerda eng asosiy demokratik mexanizm ishlamayapti. Demokratik qoidagi ko‘ra, xalq o‘zi istagan partiyalarni tuzadi va hech qanday to‘siqlarsiz o‘zining g‘oya va dasturlarini saylovga qo‘yadi va ovoz ololsa, hokimiyatga aylanadi», — deb yozadi Kamoliddin Rabbimov.

U qo‘shni Qozog‘istonda partiya ochish uchun talab qilinadigan imzolar soni 20 mingdan 5 mingga qisqartirilganini eslatdi. Oxirgi uch yilda Qozog‘iston Adliya vazirligiga yangi partiyalarni ro‘yxatga olish uchun 18 ta ariza kelib tushgan. Ulardan ba’zilari ro‘yxatdan o‘tib, parlamentga kirgan.

«Aholisi ikki baravar ko‘p bo‘lgan O‘zbekistonda esa hattoki 2016 yildan keyin ham biron-bir partiya loyihasi ro‘yxatdan o‘ta olmadi. Yana o‘sha 20 minglik barerni oqlash ketyapti. Yana jamiyatni ayblash ham bor… Xalq irodasidan qo‘rqish hali ham saqlanib qolyapti. Aslida, jamiyat manfaatlarini qondirish orqali ham liderlikni saqlab, mustahkamlab borilsa bo‘lardi…», — deydi Kamoliddin Rabbimov.