Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Indoneziyani 2023-yilgi U-20 Jahon chempionati mezbonligidan chetlatishga qaror qildi. Bu haqda 29-mart kuni federatsiya prezidenti Janni Infantino va Indoneziya futbol assotsiatsiyasi (PSSI) rahbari Erik Tohir o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng ma’lum qilindi.

“FIFA mavjud sharoitlardan kelib chiqib, Indoneziyani FIFA U-20 Jahon chempionati-2023 mezbonligidan chiqarishga qaror qildi. Yangi mezbon imkon qadar tezroq e’lon qilinadi, turnir sanalari hozircha o‘zgarishsiz qolmoqda. PSSI`ga qarshi potensial sanksiyalar ham keyingi bosqichda hal qilinishi mumkin“, — deyiladi xabarda.

FIFA mezbon mamlakatni o‘zgartirishga qaror qilgan bo‘lsa-da, shartlar o‘zgarmadi: turnir 20-maydan 11-iyungacha bo‘lib o‘tadi. Mazkur turnirda O‘zbekistonning 20 yoshgacha bo‘lgan futbol terma jamoasi ham ishtirok etadi.

Avvalroq Indoneziya futbol assotsiatsiyasi 31-martga belgilangan qur’a tashlash marosimini siyosiy sabablarga ko‘ra keyinga surgandi. Bali gubernatori Ueyn Koster mamlakat rahbariyatiga Isroil terma jamoasining Jahon chempionatida ishtirok etishiga ruxsat bermaslikni so‘rab murojaat qilgan (Isroil yoshlar jamoasi ham JCHga yo‘llanma olgan) va Jakartada ham xuddi shunday talablar bilan norozilik namoyishlari o‘tkazilgan.

Ma’lumot uchun, Indoneziya 2016-yilda mamlakat rasmiylarining futbol tashkiloti faoliyatiga aralashuvi tufayli xalqaro musobaqalardan chetlatilgandi, keyinchalik FIFA buni bekor qilgan. Qolaversa, Iroq yoshlar terma jamoasi ham JCH-2023 da Isroilga ro‘baro‘ kelsa, bu jamoaga qarshi maydonga tushmasligi yoki umuman turnirda qatnashmasligi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan.

FIFA ushbu qarorga qaramay, yaqin hamkorlikda va prezident Vidodo hukumati ko‘magida PSSI`ga 2022-yil oktabr oyida yuz bergan fojiadan keyin Indoneziya futbolini o‘zgartirish jarayonida faol yordam berishga sodiqligini bildirgan. Yaqin orada FIFA prezidenti va PSSI prezidenti o‘rtasida keyingi muhokamalar uchun yangi uchrashuv o‘tkazilishi kutilmoqda.