23 mart kuni Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida 17 yoshli qiz istirohat bog‘ida «Piratskiy korabl» nomli attraksiondan ehtiyotsizlik sabab tushib ketdi.

Viloyat IIBning xabariga ko‘ra, qiz tan jarohati olgan va tuman tibbiyot birlashmasining qabul bo‘limiga olib kelingan.

Rishton tumani IIB shu kunning o‘zida holat bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinladi. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Hodisa sabablarini aniqlash, mehnatni muhofaza qilish va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilingan yoki qilinmaganini aniqlash yuzasidan Bandlik boshqarmasiga tegishli hujjatlar taqdim etilgan.

«Qiz hozirda Bag‘dod tumanidagi tibbiyot birlashmasida shifokorlarning nazoratida davolanmoqda va ahvoli yaxshilanyapti», — deyiladi xabarda.

Avvlroq, Buxorodagi «Somoniylar» istirohat bog‘ida uch kishi, jumladan, yosh bola qulagani xabar berilgandi. Ular uchgan attraksion foydalanish uchun taqiqlangan bo‘lgan.