O‘zgidromet xizmati agentligi aprel oyida qanday ob-havo kuzatilishi bo‘yicha ma’lumot berdi.

2023-yilning mart oyida yog‘ingarchilik miqdori odatdagidan kam bo‘ldi. 2022-yilning mart oyi anomal nam bo‘lgan edi, bu yilning mart oyi esa nisbatan quruq bo‘ldi.

O‘zbekistonda bahorning o‘rtasi — aprel oyining harorat foni esa odatda beqaror bo‘ladi. Ushbu faslda havo tez isishi haroratning pasayishi, nisbatan salqinlashishi va sovuq bo‘lishi qisqa muddatga o‘rin almashishi mumkin. Bu yil aprel oyida o‘rtacha havo harorati me’yor atrofida, ba’zi joylarda o‘rtacha yillik qiymatlardan biroz ko‘p bo‘ladi. Yog‘ingarchilik kam, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Oy quruq va iliq ob-havo bilan boshlanadi. 1-aprel kuni O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha havo kam bulutli bo‘ladi, kunduzgi harorat mart oyining oxirgi kunlari kabi +22…+27 daraja atrofida, ya’ni me’yordan +5…+8 darajaga yuqori bo‘ladi.

2−7-aprel kunlari respublika bo‘yicha beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, ba’zi joylarda shamol shiddatli kuchayishi bilan qisqa muddatli, momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘adi. Ko‘pincha bahorda bo‘lgani kabi yomg‘irning hudud bo‘yicha tarqalishi va jadalligi rang-barang bo‘ladi.

Kunduzgi havo harorati yomg‘ir paytida +5…+7 darajaga pasayadi. Oyning birinchi o‘n kunligi oxirida asosan yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda va havo harorati yana ko‘tarila boshlaydi.

O‘zgidrometning dastlabki prognoziga ko‘ra, aprel oyining ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari +7…+12 darajadan +12…+17 darajagacha, kunduz kunlari +20…+25 darajadan +27…+32 darajagacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

“Shuni unutmangki, bahorda va xususan, aprel oyidagi ob-havo ba’zan „kutilmagan hodisalar“, sovuqlar, kuchli jala yomg‘irlari, momaqaldiroq paytida tez-tez sodir bo‘ladigan qasirg‘alar, do‘l olib keladi. Kuchli jala yomg‘irlar tog‘oldi hududlarda halokatli sel-suv toshqinlariga olib kelishi mumkin. Baland tog‘larda hali ham qor ko‘chkisi xavfi saqlanib turadi“, — deyiladi agentlik xabarida.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda meteorologik kuzatuvlar tarixida aprel oyining xilma-xilligi kuzatilgan. Oylik miqdori me’yorning 30−50 foizdan ko‘p bo‘lmagan juda quruq aprel oylari ham kuzatilgan, shunday aprel oylari bo‘lganki, oy uchun yog‘ingarchilik me’yordan nisbatan ko‘p bo‘lgan.

Butun kuzatuvlar tarixi davomida 1990-yil eng nam yil bo‘lgan, hududlarning katta qismida 3 dan 5 gacha oylik me’yori yoqqan. Toshkentda 1990-yil aprel oyida taxminan 3 oylik me’yor yoqqan va 1990-yil 8-aprelda kunlik yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha mutlaq rekord o‘rnatilgan.

“O‘zbekiston aholisi, ehtimol, 2020-yil aprel oyining birinchi o‘n kunligi oxirida qor yoqqanini, hatto qishda ham kamdan-kam hollarda sodir bo‘lmasligini eslay olsa kerak“, — deyiladi O‘zgidromet xabarida.