Yuqori texnologiyalar sohasidagi olimlar va ishbilarmonlar sun’iy intellekt (AI) rivojlanishini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha ochiq xat imzoladi.

Xatni imzolaganlar orasida tadbirkor, Tesla, Space-X va Twitter kompaniyalari rahbari Ilon Mask, Apple asoschisi Stiv Voznyak, qator yirik kompaniyalar, jumladan, Microsoft, Google va Skype bosh ijrochi direktorlari, Massachusets texnik universiteti, Garvard, Oksford professorlari va butun dunyo bo‘ylab yuzlab boshqa universitetlar, o‘qituvchilar, muhandislar va son-sanoqsiz IT mutaxassislari bor. AI`ni ishlab chiquvchilarning o‘zlari, jumladan, Stability AI va Conjecture rahbarlari ham xatga imzo chekkan.

“Biz barcha sun’iy intellekt laboratoriyalarini OpenAI kompaniyasining GPT-4 chatidan kuchliroq tizimlari bo‘yicha ishlarni kamida 6 oyga to‘xtatishga chaqiramiz. Bu jarayon ommaviy, tekshirsa bo‘ladigan hamda barcha manfaatdor tomonlarni qamrab oladigan bo‘lishi kerak. Agar bu pauzani tezda joriy qilishning iloji bo‘lmasa, hukumatlar aralashib, moratoriy joriy etishlari kerak“, — deyiladi murojaatda.

Yarim yil ichida AI sohasida xavfsizlik va tartibga solish protokollarini ishlab chiqish taklif etilmoqda. “Ushbu protokollar ularga amal qiluvchi tizimlarning har qanday shubhalardan xoli ravishda xavfsiz bo‘lishini kafolatlashi kerak“, — deyiladi murojaatda.

“So‘nggi oylarda sun’iy intellekt laboratoriyalari hech kim, hatto ularning yaratuvchilari ham to‘liq tushuna olmaydigan, bashorat qila olmaydigan yoki ishonchli tarzda boshqara olmaydigan kuchli raqamli ongni ishlab chiqish bo‘yicha nazorat qilib bo‘lmas poygaga tushib qoldi“, — deya xavotir bildirgan mualliflar.

Murojaatda aytilishicha, sun’iy intellekt tadqiqotlari va ishlanmalari bugungi kuchli tizimlarni yanada aniq, xavfsiz, shaffof va ishonchli qilish uchun qayta yo‘naltirilishi kerak.

Ochiq xat Future of Life Institute notijorat tashkiloti tomonidan tayyorlandi. Uni hozirgacha 1377 kishi imzolagan.