Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati Open budget`ga ovoz yig‘ish uchun Oqqo‘rg‘on tumani «Bayguli» MFYdagi 17-maktab o‘quvchilaridan pul yig‘ilayotgani aytilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda erkak kishi ko‘chada ketayotgan ikki nafar 2-sinf o‘quvchi qizni to‘xtatib, savolga tutgani aks etgan. O‘quvchilar sim karta sotib olish maqsadida 10 ming so‘mdan pul olib kelish uchun xonadonlariga jo‘natilganini aytishgan.

Hokimlik ushbu holat tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganilayotganini, xususan, viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Sultonbekov tomonidan nazoratga olinganini ma’lum qildi.

«Bugungi kunda keng ommalashib, xalq ovoziga aylanib borayotgan Open budget kampaniyasini bunday talqin qilish, bolalardan foydalanishni oqlab bo‘lmaydi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq Surxondaryo viloyati Angor tumanida o‘qituvchilarga «Tashabbusli budjet» uchun ovoz yig‘ishga majburiy topshiriq berilgani aytilgandi. Maktabgacha va maktab vaziri Hilola Umarova o‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlashga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qilib, holat bo‘yicha o‘rganish ishlari boshlanganini ta’kidlagandi.

«Gazeta.uz» «Tashabbusli budjet» loyihasining ovoz berish jarayonida yashash hududidagi muammolarni hal etish uchun ko‘proq ovoz yig‘ishga harakat qilayotgan va turli usullardan foydalanayotgan fuqarolarga mikrofon tutgandi.