Toshkent Fotosuratlar uyida 27 mart kuni eshitishda nuqsoni bo‘lgan yoshlar uchun mo‘ljallangan maxsus fotografiya kursi bitiruvchilarining ko‘rgazmasi ochildi. Ko‘rgazma Badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi, fotorassom Husniddin Ato tomonidan tashkil etildi. Unda fotorassomning maxsus kursida 1,5 yil mobaynida saboq olgan yoshlarning ishlari namoyishga qo‘yilgan.

eshitishidan nuqsoni bor kishilar, husniddin ato, ko‘rgazma, nogironligi bor kishilar, toshkent fotosuratlar uyi

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Ko‘rgazmada so‘zga chiqqan Badiiy ijodkorlar uyushmasi fotorassomlar sho‘basi raisi, taniqli fotorassom Rustam Sharipov bir fotosuratchini tayyorlash uchun universitetda kamida 4 yil vaqt sarflanishi, mazkur kurs doirasida esa bu ish 1,5 yilda uddalanganini alohida ta’kidladi. “Ushbu 9 havaskor yoshlarning bari fotografiyada o‘z janrini topib olgan. Portret, peyzaj, etyud, strit-foto yo‘nalishlarida yaxshi asarlar tayyorlagan. Bu yog‘iga ham to‘xtab qolmay, sohaning ustasi bo‘lishingiz tarafdoriman”, — dedi u.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Loyiha muallifi Husniddin Ato har qanday insonning, xususan, eshitishida nuqsoni bor kishilarning fotograflik qobiliyatini yuzaga chiqarish uchun biroz turtki berishning o‘zi kifoya ekanini ta’kidladi.

“Shaxsiy fotoko‘rgazmamda ham bunchalik hayajonlanmaganman. Sizlar bundan ham zo‘r ko‘rgazma va asarlar tayyorlashga qodirsiz. Sizga fotografiya eshiklariini ochib ko‘rsatdik, xolos. Undan kirish va shu yo‘ldan davom etish sizning ixtiyoringizda. Har biringiz, hatto loyihada ishtirok etmagan yoshlarda ham yaxshigina fotograflik qobiliyati bor, ularga salgina turtki kifoya”, — dedi u.

eshitishidan nuqsoni bor kishilar, husniddin ato, ko‘rgazma, nogironligi bor kishilar, toshkent fotosuratlar uyi

Husniddin Ato. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Loyiha tarixi

Husniddin Ato bundan 10−12 yil avval eshitishida nuqsoni bor insonlarning turmush tarzini yorituvchi fotoloyiha tayyorlamoqchi bo‘lgan. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin vaqtida esa bu loyihani jiddiy o‘ylab olish imkoni paydo bo‘lgan. U eshitishida nuqsoni borlarning hayotiga kirib borishidan avval ular bilan muloqotning o‘zi ham birmuncha murakkabligini, ular begona odamni qabul qilishi, unga ishonishi oson emasligini anglab yetgach, fotoloyiha mavzusini aynan eshitishida nuqsoni borlarning o‘zini fotograflikka tayyorlash orqali yoritish yaxshi yechim degan xulosaga kelgan.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Shundan keyin Husniddin Ato Karlar jamiyati a’zosi Ma’mur Ahliddinov bilan maslahatlashadi. U fotorassomning g‘oyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Kurs haqida e’lon tayyorlanadi, Ahliddinov bu haqida o‘z sahifalarida e’lon berib, eshitishida nuqsoni borlarga yetkazadi. Xohlovchilar, tashkilotchilar kutganidek ko‘p bo‘lmasa-da, yig‘iladi — ular o‘quvchilar ko‘proq bo‘ladi deb o‘ylab, kurs uchun yosh chegarasi, kamera bo‘lishi kerakligi kabi ba’zi talablarni qo‘ygan edi.

“Shu bilan 2021 yil kuzida kursimiz boshlandi. Ularning ta’limi bizning an’anaviy ta’limdan farq qilgani bois boshida men kutgan natija bo‘lmadi. Bolalarning har doim ham vaqti bo‘lmasdi. Ularda vaqt topilganda meniki bo‘lmas, biz kelishganimizda tarjimonning imkoni bo‘lmay qolardi. Keyin ularning qiziqishi, ishtiyoqi har doim ham bo‘lavermadi, vazifalarni vaqtida bajarmadi, ba’zi narsalarni qayta-qayta tushuntirishga to‘g‘ri kelardi. Shunday muammolar sabab kurs to‘xtab-to‘xtab davom etdi”, — deydi u.

eshitishidan nuqsoni bor kishilar, husniddin ato, ko‘rgazma, nogironligi bor kishilar, toshkent fotosuratlar uyi

Husniddin Ato. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Husniddin Ato 2022 yilning avgustida AQShning bir grant dasturiga ariza topshirib, Davlat departamentining ta’lim hamda madaniyat masalalari bo‘yicha “Meridian” xalqaro markazidan ko‘mak olishga muvaffaq bo‘ladi. Shu bilan nafaqat kursni yakunlash, balki o‘quvchilarning fotosuratlarini chiqarib, ko‘rgazma tashkillashtirish imkoni ham tug‘iladi.

eshitishidan nuqsoni bor kishilar, husniddin ato, ko‘rgazma, nogironligi bor kishilar, toshkent fotosuratlar uyi

Ma’mur Ahliddinov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

“Aksar hollarda eshitishida nuqsoni borlarga past nazar bilan qarab, faqat og‘ir mehnat qiladi, zavod, fabrika, ko‘chalarda, avtoturargohlardagina ishlay oladi deb o‘ylashadi. Bugungi ko‘rgazma eshitishida nuqsoni bo‘lgan insonlarning aqliy va ijodiy faoliyatlarda ham o‘zini ko‘rsata olishini isbotladi. Aslida ularning fotografiyadagi iqtidori boshqa odamlarnikiga nisbatan ko‘proqdek: eshitish imkoniyati cheklangani bilan biror holatni o‘ziga xos rakursdan ko‘rish va his etish qobiliyati yaxshiroq rivojlangan”, — deydi Ma’mur Ahliddinov.

U fotoko‘rgazma ishtirokchilarining qobiliyatli ekanini ta’kidlab, ish beruvchilarni ular bilan hamkorlik qilishga chaqirdi. “Ular bilan muloqotdan xavotirga tushmaslik kerak. Ularga mavzu bersangiz, muammosiz bajarib keladi. Bunga ko‘rgazmada ham guvoh bo‘lish mumkin — har bir kartina mehr bilan olingan”, — deya qo‘shimcha qildi Ahliddinov.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Maxsus fotografiya kursida surdotarjimonlik qilgan Damira G‘ayritdinova mashg‘ulotlar maktablardagi standart darslar kabi emas, balki xuddi individual o‘quv mashqlari kabi o‘tganini alohida qayd etib o‘tdi.

“Husniddin aka eshitishda nuqsoni bor o‘quvchilariga nafaqat bilim, balki yuragining bir parchasini ham berdi. Har bir o‘quvchiga fotografiyaning kichkina detallarigacha erinmay tushuntirdi, o‘rgatdi. O‘quvchilar esa qiyinchiliklar, o‘zlaridagi qo‘rquvni yengib, imkoniyatlariga nisbatan shubha bilan qarashdan xalos bo‘lishdi. Mehnatlari samarasiga bugungi ko‘rgazmada guvoh bo‘lib turibsiz”, — dedi u.

Ko‘rgazma qatnashchilari

Murodbek Yusupov Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidan, 20 yoshda. Ko‘rgazmada ham Boyovutning Navoiy mahallasidagi so‘lim joylar, ko‘l va qamishzorlarga qilgan fotosayohatidan namunalar qo‘yilgan. Murodbek eshitish qobiliyatini besh yil avval, kuchli shamollashdan so‘ng yo‘qotgan. Shunga qaramay, maktabni bitirib, hozir Milliy universitetning tarix fakultetida o‘qiyapti. “Qishloq hayoti men uchun doim qiziq, u yerda haqiqiy asarlar yaratish mumkin, deb bilaman”, — deydi u.

Murodbek Yusupov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Murodbekning eng katta maqsadi — National Geographic bilan hamkorlikda ishlash hamda O‘zbekiston tabiati, odamlari, turmush tarzini fotosuratlar orqali dunyoga ko‘rsatish. Shu maqsadi yo‘lida ingliz tilini ham puxta o‘rganmoqchi. Uning ta’kidlashicha, fotografiyada eshitish bo‘yicha to‘siqlar yo‘q; u eshita olmasligidan faqat bir narsada — bu nuqsoni mashhur fotograflar bilan og‘zaki muloqot qilishda xalal berishi mumkinligidan afsuslanadi, xolos.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Bolalar ishtirokidagi suratlarni olishni yaxshi ko‘rishini ta’kidlagan toshkentlik Abdurahim Razzoqovнинг ko‘rgazmaga qo‘yilgan ijodiy ishlarida ham qorda o‘ynayotgan bolalar aks etgan. Kurs va ko‘rgazma sabab uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi oshgan, professional fotograflik bilan shug‘ullanish istagi paydo bo‘lgan. Abdurahim bolaligida olgan ukollari ta’sirida eshitish qobiliyatini yo‘qotgan, hozircha ishsiz. Lekin fotografiyani o‘rganishdan to‘xtamoqchi emas. Suratlari o‘xshash-o‘xshamasligidan qat’i nazar, o‘zini sinab ko‘rishdan qo‘rqmaydi, uning uchun eng muhimi — tajriba.

Abdurahim Razzoqov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

“Menga geometriklik, aniq shakllar — kvadrat, uchburchaklar yoqadi”, — deydi Sherzod Madumarov. U boshqa fotograflarning shunday shakllar aks etgan suratlarini kuzatib, o‘zi ham shu yo‘nalishda kuchini sinab ko‘rgan. “O‘ylashimcha, o‘xshadi”, — deb ishonadi u.

Sherzod Madumarov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Toshkentlik 27 yoshli Pavel Gurinov ovqatlar (u kollejda oshpazlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘qigan va hozir ham somsapazlik qiladi), odamlar hamda tabiatni suratga olishni yoqtiradi va endi shu yo‘nalishda professional bo‘lmoqchi. Uning eshitish qobiliyatida nuqson borligi 1 yasharligida ma’lum bo‘lgan, biroq shifokorlar buning sababini aniqlay olmagan. Ixtisoslashtirilgan bog‘cha va maktabda o‘qigan, u eshitolmasa ham, gapirishni o‘rganishi uchun ota-onasi u bilan har kuni shug‘ullangan. Shu bois hozir odamlar bilan nisbatan oson muloqot qiladi.

Pavel Gurinov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Pavel Husniddin Atoning darslari ham foydali, ham qiziqarli bo‘lganini, uning ishtiyoqini ko‘rib, akasi unga fotoapparat ham berganini ma’lum qildi. Ko‘rgazmadagi suratlaridan biri haqida fikr bildirarkan, tunda harakatlanayotgan mashinalarning ranglar chizayotgandek ko‘ringan suratini olish qiyin bo‘lgani, ammo ishtiyoqning zo‘ridan buni uddalay olganini ta’kidladi. “O‘ylashimcha, ko‘zlaganimdek yaxshi surat chiqdi”, — degan fikrda u.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

22 yoshli Ahmad Ahmedov ham Toshkentdan, hozirda sartaroshlik qiladi. Fotografiya — xobbisi, estetik narsalarni suratga olishni yoqtiradi. Kamerasi yo‘q, telefonda suratga oladi. Bir suratida turli to‘y va marosimlarda xizmat ham qiladigan professional raqqosa do‘stini rasmga tushirgan. Do‘stining boshqalardan ajralib turuvchi jihati — u eshita olmaydi, lekin eshita oladiganlar bilan birga raqsga tushadi. Ahmadning suratida esa repetitsiya jarayoni aks etgan — unda hamkasb dugonalar bo‘lajak raqs yaxshi chiqishi uchun qanday harakatlar qilish kerakligini oldindan ko‘rsatishyapti.

Ahmad Ahmedov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Piskentdagi ko‘pkarini tomosha qilishga kelgan va tomosha uchun yaxshiroq joy izlayotgan uch avlod vakili — keksa, o‘rta yosh va yosh bola surati muallifi — Farangiz Kamolova. U aynan uch avlod ma’lum bir muvozanatda aks etgani uchun ham ushbu surat uning uchun juda qadrli ekanini ma’lum qildi.

Farangiz Kamolova. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Huvaydo Ibragimovaнинг ko‘rgazma uchun tanlangan suratlarining birida go‘yo bir-biri bilan muloqot qilayotgandek yonma-yon turgan otlar tasvirini ko‘rish mumkin. “Bungacha hech otlarni suratga tushirmagandim, ular juda fotobop bo‘larkan. Ikkinchi suratda esa o‘zimizning juda yorqin va chiroyli atlaslarimiz, milliy liboslarimiz bor. Uni milliyligimiz tashrif qog‘ozi, deb atagan bo‘lardim”, — deydi u.

Huvaydo Ibragimova. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Namoyishga qo‘yilgan ijodiy ishlar orasida sport mavzusidagi suratlar ham yetarlicha. Ularning ayrimlari muallifi Muhammad Usmonovдир. U olgan fotolarning birida sportchi bolakayga ko‘rsatma berayotgan murabbiyni, ikkinchisida esa g‘alabani nishonlayotgan og‘ir atletikachi qizni ko‘rish mumkin. “Qiz bolaning og‘ir tosh ko‘taradigan darajada kuchli bo‘la olishi menga ko‘proq qiziq tuyulgan”, — deydi u suratlarining tarixi haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlasharkan.

Muhammad Usmonov. Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

Loyiha davom etadimi?

Husniddin Ato loyihani davom ettirish niyatida ekanligini, ammo moliyaviy qo‘llab-quvvatlovsiz buning imkoni yo‘qligini aytdi.

“Men bepul dars o‘tishim mumkin, lekin tarjimonning ishiga haq to‘lash kerak. Ilk tajribamizda faqat dars jarayoni bilan kifoyalanib qolmay, juda ko‘p amaliy mashg‘ulotlarga bordik — buning ham o‘ziga yarasha xarajatlari bor”, — dedi fotorassom.

Foto: Madina A’zam / “Gazeta.uz”

O‘quvchilarning o‘zida fototexnika yo‘qligi sabab ustoz o‘z kameralari va obyektivlarini 2−3 ta sumkaga solib olib yurishiga to‘g‘ri kelgan. Bundan tashqari, fototahrir uchun o‘quvchilarning har biriga kompyuter ham zarur.

“Shularni hisobga olganda, moddiy qo‘llab-quvvatlovsiz bu loyihani davom ettirib bo‘lmaydi. Agar homiylar topilsa, biz bunday yoshlarni butun O‘zbekiston bo‘ylab kashf qilishimiz mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi fotorassom.

Ko‘rgazma 31 martga qadar davom etadi.