Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni Xitoy kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi a’zosi, Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Partqo‘mi kotibi Ma Sinjuy boshchiligidagi XXR delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Uchrashuvda O‘zbekiston hududlarida Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida qayta tiklanuvchi energetika, transport infratuzilmasini rivojlantirish, sanoat parklari va qishloq xo‘jaligi klasterlarini tashkil etish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘lini qurish loyihasini jadallashtirishda ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.

avtonom район, хитой, шавкат мирзиёев, шинжон-уйғур

Toshkent, Samarqand va boshqa viloyatlarning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni bilan, shu jumladan, savdo, logistika, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, turizm va ta’lim sohalarida ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligi aytildi.

Davlat rahbari o‘zaro muloqot va almashinuvni faollashtirish, tashrif va biznes forumlarini tashkil etish, ustuvor loyiha va dasturlarni ilgari surish bo‘yicha alohida «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Shu kuni O‘zbekiston va Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasida energetika va savdo sohalarida hamkorlik to‘g‘risida ikki tomonlama shartnomalarni imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) matbuot xizmati.

Tadbirda ISSV rahbariyati, Energetika vazirligi, Toshkent va Jizzax viloyatlari hokimliklari rahbarlari hamda XXR Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni hukumati raisining birinchi o‘rinbosari Xadan Kabin hamda ikki davlatdan 40 dan ortiq yirik kompaniyalar vakillari va boshqalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Huadian Xinjiang Power kompaniyasi boshqaruvi raisi Xan Song Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida quyosh elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Imzolangan hujjatlar orasida savdo, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar hamda Toshkent viloyati va Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitimlar ham bor. Bitimlarning predmeti hamkorlikni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida tomonlarning o‘zaro hamkorligi hisoblanadi.