Rossiyaning «Azimut» aviakompaniyasi Sochi va Urganchni to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘ladi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 29 mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 05:07 da aviakompaniya samolyoti Sochi-Urganch-Sochi yo‘nalishi bo‘yicha birinchi muntazam yo‘lovchi reysini amalga oshirdi. An’anaga ko‘ra, bortida 61 yo‘lovchi bo‘lgan Sukhoi Superjet 95 samolyoti suv arkasi bilan kutib olindi.

Sochidan Urganch xalqaro aeroportiga parvozlar haftada bir marta — chorshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

«Azimut» aviakompaniyasi, Sochi-Urganch, Sukhoi Superjet 95

«Azimut» Urganchni Rossiyaning boshqa shaharlari — Moskva va Mineralniye Vodi bilan ham bog‘laydi.

2023 yil 27 martdan boshlab Rossiya aviatashuvchisi Mineralniye Vodi-Samarqand-Mineralniye Vodi yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar chastotasini ko‘paytirgan. Parvozlar haftasiga ikki marta — seshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Ilgari parvozlar faqat seshanba kunlari amalga oshirilardi.

«Azimut» Rostov-Don va Krasnodarda joylashgan Rossiya aviakompaniyasi hisoblanadi.

Ma’lumot uchun, «Azimut» aviakompaniyasi 2022 yilda O‘zbekistonga muntazam parvozlarni amalga oshirishga ruxsat olgandi.