Toshkent shahri sudi muqaddam 6 yoshli qizga tegajog‘lik qilganlikda aybdor deb topilgan erkakka nisbatan jazoni kuchaytirdi, deb xabar qildi «Gazeta.uz»ga Oliy sud matbuot xizmati.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi voqea 2022 yilning yozida yuz berganini ma’lum qilgandi. Jabrlanuvchining onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan va erkak 24 soat ichida kuzatuv kameralari orqali topilgan. Psixologik ekspertiza qizda jinsiy zo‘ravonlikdan keyingi alomatlarga o‘xshash stress mavjudligini aniqlagan.

22 dekabr kuni esa Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Yunusobod tumani sudi R.Sh. (1975 yilda tug‘ilgan)ni Jinoyat kodeksining 25- va 119-moddalari (Jinsiy ehtiyojlarni g‘ayritabiiy shaklda majburan qondirish) bilan jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topgan. Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 25-moddasi 4-qismi, 119-qismi asosida ushbu kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingandi.

Oradan vaqt o‘tib, 2023 yil 9 yanvar kuni Yunusobod tumani prokurori Olimjon Azimov Toshkent shahri sudining apellyatsiya instansiyasiga apellyatsiya arizasi yuborgan.

Ko‘rib chiqish natijasida jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudining 22 dekabrdagi R.Sh.ga nisbatan hukmi bekor qilindi. Fuqaro R.Sh. Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi va 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Nemolchi.uz`ning yozishicha, Oliy sud plenumining «Zo‘rlash va jinsiy ehtiyojlarni g‘ayritabiiy shaklda qondirish bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorining 8-bandiga muvofiq, nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyati tegishli jinoyat tarkibining obyektiv tomoni sifatida nazarda tutilgan jinsiy aloqa yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirishga qaratilgan harakatlar boshlangan paytdan, ular tugatilganidan va kelib chiqqan oqibatlardan qat’i nazar, tamom bo‘lgan hisoblanadi.

Prokuror tuman sudining hukmini o‘zgartirib, qonun talablari asosida jazo tayinlashni so‘radi.