27 mart kuni Saudiya Arabistonida Makkaga ziyoratchilarni olib ketayotgan avtobus ko‘prikka urilib, yonib ketdi. BBC xabariga ko‘ra, oqibatda 20 kishi halok bo‘lgan va 30 nafarga yaqin shaxs jarohatlangan. Ular og‘ir darajada kuyish jarohatini olgan.

Al-Ekhbariya TV telekanali avtohalokatdan so‘ng avtobusning kuygan qoldiqlari aks etgan kadrlarni efirga uzatdi. Unda aytilishicha, halokat Yaman bilan chegaradosh janubi-g‘arbiy Asir viloyatida sodir bo‘lgan. Avtomobil tormozi ishlamay qolgan. YTH qurbonlari ham yamanliklar bo‘lgan. Xabarlarga ko‘ra, yo‘lovchilar kichikroq haj yoki umra ziyoratiga borishni rejalashtirgan.

«Gazeta.uz» O‘zbekiston haj va umra markazi jamoatchilik kengashi bilan bog‘langanda avtohalokatda o‘zbekistonlik ziyoratchilar bo‘lmagani ma’lum qilindi.

Saudiya Arabistonining Al Arabiya telekanali xabariga ko‘ra, ular orasida bir necha saudiyalik ham bor.

2019 yilda 35 nafar arab va osiyolik muhojir umra uchun Madinadan Makkaga ketayotgan avtobusning boshqa mashina bilan to‘qnashib ketishi oqibatida halok bo‘lgandi.