O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 mart kuni Ish haqi, pensiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov brifingda ma’lum qildi.

Pensiya va nafaqalar 1 apreldan, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va bazaviy hisoblash miqdori esa 1 maydan oshiriladi.

Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 347 ming so‘m (hozir — 324 ming), yoshga doir eng kam pensiya miqdori 677 ming so‘m (633 ming), nogironlik pensiyalari, jumladan, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori (shuningdek, mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdori) — 747 ming (698 ming)ni tashkil etadi.

Bundan tashqari,

  • 1941−1945 yillardagi urush oqibatida nogiron bo‘lgan shaxslar va uning qatnashchilari, shuningdek, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan shaxslarning eng kam pensiya miqdori ustamalarni inobatga olgan holda — oyiga 3 296 000 so‘m;
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (677 000 so‘mdan) 747 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari miqdori — oyiga 747 000 so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 535 000 so‘m;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — oyiga 535 000 so‘m;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — oyiga 535 000 so‘m;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 535 000 so‘m etib belgilansin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 198 000 so‘mdan qo‘shiladi;
  • boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori — oyiga 535 000 so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.

Ma’lum qilinishicha, miqdorning oshishi mamlakatdagi 4,4 million pensionerga ta’sir qiladi. Avvalgi pensiyalar o‘tgan yilning 1 mayidan oshirilgan edi.

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 980 000 so‘mga (hozir — 920 000) ko‘tariladi.

Bazaviy hisoblash miqdori 330 000 so‘mni (hozir — 300 000) tashkil etadi.

Maoshlarning oshirilishi budjet tashkilotlarining 2 million xodimiga ta’sir qiladi, deyiladi brifingda.

Davlat xizmatchilarining maoshlari o‘tgan yilning 1 iyunidan boshlab o‘rtacha 12 foizga oshirilgandi.

Ish haqi va pensiyalarni oshirish uchun davlat budjetidan qo‘shimcha 8,1 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda.