Poytaxt hokimligining amaldagi rahbari Shavkat Umurzoqov qarori bilan Baxtiyor Rahmonov Toshkent shahri hokimining qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Baxtiyor Rahmonov 16 yanvar kuni Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev aholini energiya bilan uzluksiz ta’minlash borasidagi jiddiy kamchiliklar uchun ishdan olingandan so‘ng hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

23 mart kuni esa uning o‘rniga «O‘zavtosanoat» kompaniyasi raisi, Bosh prokuratura departamentining sobiq rahbari Shavkat Umurzoqov Toshkent hokimi vazifasini bajaruvchi bo‘ldi.

Rahmonov 1959 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 1981 yilda Kiyev muhandislik-qurilish institutini, 2000 yilda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

U 2018−2021 yillarda Toshkent shahri Olmazor tumani hokimi lavozimida ishlagan. 2021 yil yanvaridan Toshkent shahri hokimining arxitektura, kapital qurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.