Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ommaviy norozilik namoyishlari va ish tashlashlar fonida sud-huquq tizimini isloh qilish loyihalarini to‘xtatdi, deb xabar berdi BBC News.

«Milliy bo‘linishning oldini olish maqsadida men keng konsensusga erishish uchun qonun loyihasining ikkinchi va uchinchi o‘qishlarini keyinga qoldirishga qaror qildim», — dedi u 27 mart kuni telemurojaatida.

Isroilda hukumat tomonidan ilgari surilgan sud islohotiga qarshi namoyishlar deyarli uch oy davom etdi. O‘tgan hafta parlamentda qonun loyihasi bo‘yicha kutilayotgan ovoz berish arafasida tartibsizliklar kuchaydi.

26 mart kuni Netanyaxu sud-huquq islohotlarini ochiq tanqid qilgan mudofaa vaziri Yov Galantni ishdan bo‘shatdi. Galant ishdan bo‘shatilgandan so‘ng, o‘n minglab odamlar butun mamlakat bo‘ylab Isroil ko‘chalariga chiqdi, politsiya odamlarni tarqatish uchun suv to‘plaridan foydalandi.

Shuningdek, mamlakatdagi islohotga norozilik sifatida ish tashlash ham e’lon qilindi, unga shifokorlar, transport xodimlari, davlat xizmatchilari, bankirlar va xususiy kompaniyalar xodimlari qo‘shildi. Ish tashlashlar fonida Isroilning eng yirik aeroporti Ben-Gurion va yirik portlar ishlamay qoldi.

Netanyaxu nutqidan so‘ng Histadrut kasaba uyushmalari federatsiyasi va mahalliy kengashlar umumiy ish tashlashni to‘xtatganini e’lon qildi.

Sud-huquq islohotining mohiyati nimada?

Binyamin Netanyaxu joriy yilning yanvar oyida saylovda g‘alaba qozonganidan so‘ng sud-huquq islohotlarini amalga oshirish rejasini e’lon qildi. Uning asosiy maqsadi Oliy sud vakolatlarini zaiflashtirishdan iboratdir. Xususan, islohot quyidagilarga qaratilgan edi:

  • Oliy sudning mamlakat konstitutsiyasi vazifasini o‘taydigan Isroil Asosiy qonunlarining qonuniyligini tekshirish vakolatini olib tashlash va parlamentga ko‘pchilik ovoz bilan Oliy sud qarorlarini bekor qilish vakolatini berish;
  • Oliy sud sudyalarini tayinlashda hukumatga hal qiluvchi ovoz berish orqali saylanish usullarini o‘zgartirish.

Islohot tanqidchilari nima deyishmoqda?

Islohot tanqidchilari sud-huquq islohoti mamlakatda demokratiya va qonun ustuvorligiga putur yetkazadi, deb ta’kidlamoqda.

«Isroil Oliy sudi nazorat va muvozanatning katta rolini o‘ynaydi, chunki mamlakatda rasmiy konstitutsiya yoki ikkinchi qonunchilik palatasi mavjud emas», deya qayd etadi The Guardian.

Tanqidchilar korrupsiya ishi bo‘yicha ayblanayotgan Netanyaxu o‘zini jinoiy ta’qiblardan himoya qilish va bosh vazirlikni saqlab qolish uchun islohotlarni o‘tkazishga urinayotganiga e’tibor qaratmoqda.

Endi nima bo‘ladi:

Xorijiy va Isroil OAVlari Netanyaxuning qarori unga vaqt berishini yozmoqda. «Ammo bu muammoni hal qilmaydi. Namoyishchilar ushbu qonun loyihasini kechiktirish uchun emas, balki bekor qilish uchun kurashdilar «, — deya ta’kidlaydi BBC.

Shu bilan birga, Netanyaxu hukumati taslim bo‘lishni rejalashtirmayapti va islohotni yakuniga yetkazmoqchi. «Biz aqlliroq bo‘lishimiz kerak. Biz qonunni keyinroq qabul qilamiz», — deya adliya vaziri Yariv Levin so‘zlaridan iqtibos keltirgan Times of Israel.