Bosh prokuratura matbuot xizmati 27 mart kuni Telegram messenjerida tarqalgan Chorvoq suv omboridagi suv sathining pasayishi oqibatida yuzaga chiqib qolgan odam suyaklari aks etgan videolavha yuzasidan «Gazeta.uz»ga munosabat bildirdi.

Holat bo‘yicha Bo‘stonliq tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv olib borgan. Aniqlanishicha, ushbu qirg‘oqda bundan bir necha yillar avval tumanning «Bolodala» MFY hududida joylashgan «Bezgati bog‘» qabristoni bo‘lgan. Qishloqda yashovchi aholi shu qabristonga dafn etilgan.

Chorvoq suv omborida suv sathining ko‘tarilishi oqibatida mahalla hududida joylashgan qabriston suv ostida qolib ketgan. Hozirda suv sathi pasaygani sababli suyaklar yuzaga chiqqan.

Ta’kidlanishicha, suv omborida har yilning boshida suv sathi pasayishi sababli bunday holatlar kuzatilib turadi.

Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi, deyiladi xabarda.