Toshkent shahri Olmazor tumanida Spark yo‘ldan o‘tmoqchi bo‘lgan er-xotinni urib ketdi va oqibatda ayol vafot etdi. Bu haqda Uzreport TV telekanalining Uzreport news dasturida xabar berildi.

Qayd etilishicha, voqea 27 mart kuni soat 11:30 larda Olmazor tumanida yuz bergan. Shu vaqtda er-xotin yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tayotgan bo‘lgan. Ularga birinchi mashina — Damas yo‘l bergan. Ammo orqada kelayotgan 1997 yilda tug‘ilgan ayol boshqaruvidagi Spark avtomobili to‘xtashga ulgurmay, ikki piyodani urib ketgan.

Voqea yuz bergandan so‘ng ayol qorin bo‘shlig‘i, ko‘krak qafasi jarohati tashxisi bilan Toshkent tibbiyot akademiyasiga yotqizilgan.

Qilingan harakatlarga qaramay, u shu kuni soat 15:10 da jonlantirish bo‘limida vafot etgan.