27 mart kuni Shavkat Mirziyoyev pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni ko‘zda tutuvchi qonunni imzoladi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Qonunga ko‘ra, pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun ma’muriy va jinoiy javobgarliklar kuchaytirilmoqda.

Jumladan, umumiy holatda biror shaxsni majburiy mehnatga jalb etish 30 mln so‘mgacha (BHMning 100 baravari) jarimaga sabab bo‘lsa, endilikda pedagoglarni majburiy mehnatga jalb qilish 45 mln so‘mgacha (150 baravar) jarima bilan jazolanishi mumkin.

Jinoyat kodeksida ham pedagoglarga qarshi harakat uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilandi va jazo kuchaytirildi. Pedagog xodimni mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash uchun, agar xuddi shunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 45 mln so‘mdan 60 mln so‘mgacha jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi belgilandi.

Shuningdek, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki o‘z xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi. Endilikda bu qilmish uchun fuqarolarga 2,1 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha jarima, mansabdor shaxslarga esa 3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha jarima belgilanmoqda.

Ilgari pedagogning faoliyatiga noqonuniy aralashish uchun faqat jarima jazosi belgilangandi. Endilikda ushbu qilmishni takroran sodir etgan mansabdor shaxslarga 15 sutkagacha ma’muriy qamoq belgilanishi mumkin.

«Barcha ustozlarimizga ushbu yangilik muborak bo‘lsin. Endi siz qonun himoyasidasiz», — deb yozadi prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Komil Allamjonov.

2 mart kuni senatorlar «Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonunni ma’qullagandi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Administratsiyasi sho‘’ba mudiri Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarga vazifasidan tashqari ishlarni yuklaydiganlarni ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilib, tez orada qabul qilinishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.